ZO‘RAVONLIK FAQAT URISH YOKI TAN JAROHATI YETKAZISHDAN IBORAT EMAS

Bugungi kunda inson qadri, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish jamiyat oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Har bir inson millati, yoshi, jinsi, ijtimoiy mavqeyi va boshqa holatlardan qat’i nazar, hurmatga sazovor bo‘lish hamda xavfsiz hayot kechirish huquqiga ega.

Oila — inson mehr, hurmat, ishonch va xotirjamlikni his qilishi kerak bo‘lgan eng yaqin maskan. Oiladagi har bir inson bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, yuzaga keladigan muammolarni janjal yoki kuch ishlatish orqali emas, balki muloqot, o‘zaro tushunish va murosaga kelish orqali hal qilishi lozim.

Afsuski, hayotimizda oilada, ta’lim muassasalarida, ish joylarida va boshqa ijtimoiy muhitlarda zo‘ravonlik holatlari uchrab turadi. Bunday holatlar insonning nafaqat jismoniy, balki ruhiy holatiga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Zo‘ravonlik — bir shaxsning boshqa shaxsga nisbatan kuch ishlatishi, qo‘rqitishi, haqorat qilishi, ruhiy yoki iqtisodiy bosim o‘tkazishi, shuningdek, uning huquq va erkinliklarini cheklashga qaratilgan xatti-harakatlaridir.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, zo‘ravonlik faqat urush yoki tan jarohati yetkazishdan iborat emas. Doimiy haqorat qilish, kamsitish, qo‘rqitish, tahdid qilish, majburlash, iqtisodiy jihatdan qaram qilib qo‘yish ham zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlari hisoblanadi. Shu bois, «Urishmadi-ku, demak, zo‘ravonlik emas», degan qarash mutlaqo noto‘g‘ri.

Farzand tarbiyasida zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q

Farzand tarbiyasida zo‘ravonlik vositalaridan foydalanish hech qachon yaxshi natija bermaydi. Bolani qo‘rqitish, kamsitish yoki doimiy jazolash o‘rniga, uni tinglash, tushunish, xatolarini xotirjamlik bilan tushuntirish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish muhimdir.

Bola oilada mehr, e’tibor va hurmatni ko‘rib ulg‘aysa, kelajakda o‘zi ham atrofdagilarga shunday munosabatda bo‘lishni o‘rganadi. Shu sababli, farzand tarbiyasida ota-onaning shaxsiy namunasi alohida ahamiyat kasb etadi.

Yoshlar o‘rtasida zo‘ravonlikning oldini olaylik

Bugungi kunda yoshlar orasida uchrayotgan janjal, haqorat, bulling va kiberbulling holatlari ham jiddiy e’tibor talab qiladi. Ayrim hollarda bir insonni muntazam masxara qilish, uning tashqi ko‘rinishi yoki qobiliyati ustidan kulish, jamoa yoki guruhdan chetlatish, ijtimoiy tarmoqlar orqali haqoratlash uning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yoshlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini shakllantirish, bunday salbiy holatlarning barvaqt oldini olish har birimizning vazifamizdir.

Zero, kuchli inson boshqalarni qo‘rqitadigan emas, balki ularga yordam beradigan, himoya qiladigan va qo‘llab-quvvatlaydigan insondir.

Zo‘ravonlikka befarq bo‘lmaylik!

Agar inson zo‘ravonlikka duch kelsa, uni ayblash yoki «chidab yuraver», deb maslahat berish mutlaqo noto‘g‘ri. Aksincha, bunday vaziyatda jabrlanuvchini tinglash, unga dalda berish, qo‘llab-quvvatlash hamda zarur hollarda ishonchli yaqinlari, mas’ul mutaxassislar yoki tegishli tashkilotlarga murojaat qilishida ko‘maklashish lozim.

Chunki zo‘ravonlikni yashirish muammoni hal qilmaydi. Befarqlik esa uning davom etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Har bir inson zo‘ravonlikka qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishi, boshqalarning huquq va manfaatlariga hurmat bilan qarashi zarur.

Erkak va ayol o‘rtasidagi o‘zaro hurmat — sog‘lom oilaning asosi

Sog‘lom oila va barqaror jamiyat, avvalo, o‘zaro hurmat, ishonch va tenglik tamoyillari asosida shakllanadi. Erkak ham, ayol ham hurmatga, xavfsizlikka hamda o‘z fikrini erkin bildirish huquqiga ega.

Oilaviy qarorlar o‘zaro maslahat, ishonch va hurmat asosida qabul qilinishi kerak. Bir-birini tushunish, muammolarni sabr bilan muhokama qilish, o‘zaro murosa va hamjihatlikka intilish oilaviy totuvlikning muhim shartlaridir.

Xulosa qilib aytganda, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki tegishli tashkilotlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Har birimiz oilada, mahallada, ta’lim muassasasida va jamoat joylarida o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga hissa qo‘shishimiz lozim.

Zo‘ravonliksiz hayot — har bir insonning huquqi, tinch va farovon jamiyatning muhim shartidir.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi sudya yordamchisi R. Mamarajabov