GIYOHVANDLIK — ILLAT, UNGA QARSHI KURASHISH BARCHAMIZNING VAZIFAMIZ

Bugungi kunda insoniyat taraqqiyoti bilan bir qatorda, jamiyat kelajagiga tahdid solayotgan muammolar ham mavjud. Shulardan biri giyohvandlik bo‘lib, u inson salomatligi, oilalar farovonligi va jamiyat xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazadigan illatlardan biridir.

Giyohvandlik ko‘pincha boshqa huquqbuzarlik va jinoyatlar bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek, u insonning mehnat qobiliyatini pasaytirishi, oilaviy munosabatlarning buzilishi, ijtimoiy muammolar va boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, yoshlarning giyohvandlikka berilishi jamiyat kelajagi uchun katta xavfdir.

Giyohvandlikka qarshi kurash — davlat siyosatining muhim yo‘nalishi

Mamlakatimizda giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan qator xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan.

1999-yilda «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinib, mazkur moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy asoslari belgilandi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2024-yil 6-maydagi tegishli Farmoni bilan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yish, aholining, ayniqsa yoshlarning sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya tasdiqlandi.

Strategiyada giyohvandlikning oldini olish, aholida, ayniqsa yoshlarda giyohvandlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, narkologik yordam va reabilitatsiya tizimini takomillashtirish, noqonuniy aylanmaga qarshi kurashish hamda zamonaviy, jumladan, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish kabi muhim vazifalar belgilangan.

Yoshlarni giyohvandlikdan asrash — muhim vazifa

Giyohvandlikning oldini olishda oilaning, mahallaning va ta’lim muassasalarining o‘rni beqiyos. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport, ta’lim, kitobxonlik va foydali mashg‘ulotlarga jalb qilish, huquqiy va tibbiy savodxonligini oshirish salbiy illatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning zararli oqibatlari haqida muntazam targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borish, xavfli holatlarni barvaqt aniqlash va tegishli yordam ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish orqali ham amalga oshirilayotgani bu borada hushyorlikni yanada oshirishni talab etmoqda. Shu sababli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bir qatorda, ota-onalar, pedagoglar va jamoatchilikning hamkorligi zarur.

Birgalikda kurashsak, natija samarali bo‘ladi

Giyohvandlikka qarshi kurashish faqat davlat organlarining emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Oila, mahalla, ta’lim muassasalari, tibbiyot va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorligi bu illatning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yoshlarni giyohvandlikdan asrash, ularning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishiga ko‘maklashish — barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudi raisi
B. Tagayev