Voyaga yetmaganlarni giyohvandlikdan himoya qilish — qonun ustuvorligi

Giyohvandlik bugungi kunda jamiyat, ayniqsa, yoshlar kelajagiga jiddiy tahdid solayotgan illatlardan biridir. Sintetik narkotiklarning paydo bo‘lishi, ularning internet orqali yashirin ravishda tarqatilishi va yoshlarni ushbu moddalarni iste’mol qilishga jalb etish holatlarining ortishi mazkur muammoga qarshi yanada qat’iy choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Shu maqsadda 2026-yil 11-iyunda qabul qilingan O‘RQ-1151-sonli Qonun bilan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik yanada takomillashtirildi.

Qonunning muhim yangiliklaridan biri — voyaga yetmagan shaxsni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun Jinoyat kodeksining 276¹⁰-moddasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanganidir. Ta’lim muassasalari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlari yoki ularga tutash hududlarda bunday qilmishlarni sodir etish uchun esa yanada og‘ir jazo chorasi nazarda tutilgan.

Yana bir muhim yangilik Jinoyat kodeksining 273-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishdir. Unda giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda “sotish” tushunchasi kengroq “o‘tkazish” atamasi bilan almashtirildi. Natijada giyohvandlik vositasini pul evaziga sotish bilan bir qatorda, uni tekinga berish, hadya qilish, ayirboshlash yoki internet orqali yashirin joyga qoldirish kabi holatlar ham tegishli huquqiy bahoga ega bo‘ladi.

Mazkur o‘zgarish zamonaviy narkotijorat usullariga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega. Chunki bugungi kunda narkotik moddalar elektron to‘lovlar, internetdagi yashirin guruhlar va “zakladka” usuli orqali tarqatilayotgan holatlar uchramoqda. Endilikda bunday harakatlarni faqat oldi-sotdi munosabatlari bilan bog‘lash zarurati kamayib, narkotik moddaning boshqa shaxsga qonunga xilof ravishda o‘tkazilganligi huquqiy baholashda muhim mezonga aylanadi.

Shuningdek, jamoat joylarida giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik ham belgilandi. Bunday qilmishlar, ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi sababli jamoat tartibini ta’minlash nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.

Qonunchilikdagi yana bir muhim yondashuv narkojinoyatlarni takroran sodir etishning oldini olishga qaratilgan. Ayrim o‘ta og‘ir narkojinoyatlar uchun jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish imkoniyatining cheklanishi jazoning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Ayniqsa, voyaga yetmaganlarni giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning salbiy ta’siridan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifalardan biridir.

Har bir ota-ona, pedagog va fuqaro yoshlarning taqdiriga befarq bo‘lmasligi, ularni zararli illatlardan asrashga hissa qo‘shishi lozim. Giyohvandlikka qarshi kurashda huquqiy choralar bilan bir qatorda, sog‘lom turmush tarzi va huquqiy madaniyatni targ‘ib qilish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Hurmatli fuqarolar! Yoshlar kelajagiga befarq bo‘lmang. Giyohvandlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz munosabatda bo‘ling va jamiyatimizni ushbu xavfli illatdan asrashga o‘z hissangizni qo‘shing!

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi tergov sudyasi
M. O‘roqov