O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Jumladan, MJtKning 183-moddasiga ko‘ra, mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish, jamoat tartibi va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shunga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan jamoat joylarida odob-axloq va yurish-turish qoidalariga rioya qilmaslik holatlari uchrab turibdi.
Masalan, Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi B. Talliyev (shaxsiy ma’lumotlari o‘zgartirilgan) jamoat joyida boshqa fuqaro bilan o‘zaro tortishib qolib, uyatli so‘zlar bilan so‘kingan, uni haqorat qilgan hamda jamoat tartibini buzgan. Sud muhokamasida huquqbuzar o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirgan va jabrlanuvchidan kechirim so‘ragan.
Jabrlanuvchi ham sudda huquqbuzarning harakatlari natijasida jamoat tartibi buzilganligini tasdiqlagan hamda unga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirib, qonuniy yengillik berishni so‘ragan.
Sud ish holatlarini, huquqbuzarning aybiga iqrorligi va pushaymonligini hamda boshqa holatlarni inobatga olib, B. Talliyevni MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari — 1 236 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlagan.
Jamoat tartibi va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash har bir fuqaroning huquqiy va ma’naviy burchidir. Jamoat joylarida boshqa shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini hurmat qilish, odob-axloq qoidalariga rioya etish jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Hurmatli fuqarolar! Jamoat joylarida fuqarolarning huquq va erkinliklarini hamda jamiyatda yurish-turish qoidalarini hurmat qiling. O‘zaro hurmat va muomala madaniyatiga rioya eting!
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi raisi
B. Tagayev