E`TIBOR VA G‘AMXO`RLIK AMALDA

Yurtimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlari har narsadan ustun turadi. Bu borada olib borilayotgan islohotlarning amaldagi ifodasini bugun har bir go‘shada, xususan, “Go‘zallik” mahalla fuqarolar yig‘inida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Mahallada ehtiyojmand qatlam, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularga munosib turmush sharoitini yaratish masalasi doimiy e’tiborda. So‘nggi vaqtlarda mahallada bu yo‘nalishda tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, imkoniyati cheklangan fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash maqsadida “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazi va mahalla faollari hamkorligida doimiy xatlov o‘tkazib kelinmoqda. Buning natijasida haqiqiy ko‘makka muhtoj shaxslar aniqlanib, ularga manzilli yordamlar ko‘rsatilmoqda. Yaqinda mahalladagi bir nechta harakatlanishi cheklangan fuqarolarga zamonaviy nogironlik arabachalari, eshitish moslamalari va boshqa reabilitatsiya vositalari topshirildi. Shuningdek, doimiy parvarishga muhtoj kishilarning holidan xabar olinib, ularga bepul dori-darmonlar va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishi an’anaga aylangan. Islohotlarning eng muhim jihati shundaki, bu yerda nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyatga integratsiya qilish, ularni faqat yordam kutuvchi emas, balki jamiyatning faol a’zosiga aylantirish maqsad qilingan. Xususan, uyda o‘tirgan holda kasb-hunar (tikuvchilik, hunarmandchilik, kompyuter savodxonligi) o‘rganish istagida bo‘lgan fuqarolar subsidiya va imtiyozli kreditlar hisobiga zarur uskunalar bilan ta’minlanmoqda. «Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxorlikni har qadamda his qilyapmiz. Mahallamiz mas’ullari tez-tez kelib, holimizdan xabar olishadi. Men ham bugun uydan turib tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydim, o‘zimni jamiyatga kerakli inson deb hisoblayman», — deydi mahalla xonadonlaridan birida istiqomat qiluvchi hunarmand fuqaro. “Go‘zallik” mahallasida olib borilayotgan bu kabi xayrli ishlar inson qadrini ulug‘lash, hech kimni mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslik tamoyilining amaliy isbotidir. Zero, ko‘ngli yarim insonlarga quvonch ulashish, ularning hayotga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish barchamizning insoniylik burchimizdir.
TerDU talabasi: Hayitova Dinora