Dunyoda eng goʻzal, farishta misol
Uningdek ayol qayda bor yana
Unga mos aytilgan ajib bir irsol
Beshikda dunyoni tebratar ona.
Borliq jim, yarim tun, uxlaydi sokin
Hayot ham horgʻinlab olganida tin
Faqat u uygʻoq, mudroq yagona
Beshikda dunyoni tebratgan ona.
Necha oy-u yillar oʻtsada bedor
Hech oʻksimas, toʻlmas paymona
Bir unda oʻlmas sabr, bardosh bor
Beshikda dunyoni tebratgan ona.
Mayin ovoz-la kuylar sehrli alla
Begʻam orom olar beshikda bola
Faqat u uygʻoq yarim tun palla
Beshikda dunyoni tebratgan ona.
Aytgan allasidan olam nurafshon
Uning ohanggiga bulbul parvona
Bolam deb kun-u tun boʻlar parishon
Beshikda dunyoni tebratgan ona.
Dunyoga keltirgan buyuk insonlar
Garchi koʻrmasa ham saroy, koshona
Beshikda yotganlar hatto Paygʻambar
Beshikda Rasulni tebratgan ona.
Bir bora tutmadi qoʻlga shamshirni
Lek, farzandi olamga boʻldi afsona
Shunday tarbiya qildi buyuk Amirni
Beshikda Temurni tebratgan ona.
Bir bora ushlamay qoʻliga qalam
Navoiy ziyosiga toʻldi zamona
Mehri-la olamni yoritgan odam
Beshikda Alisherni tebratgan ona.
Buyuklikka aslo qilmaslar daʼvo
Buyuk farzandlari hayotda maʼno
Nomlari tillarda dostonmas, ammo
Beshikda buyuklarni tebratar ona.
Mehrlari ummon, cheksiz, beqiyos
Baxtlar tilar faqat, dildan, doʻstona
Dildan otilib chiqdi shu bitta ovoz
Beshikda dunyoni tebratar ona.
Jannat doimo oyogʻiz ostida boʻlsin
Sogʻ-omon boʻling, yuring mardona
Yaratgan ulugʻ bir maqomlar bersin
Beshikda Oybekni tebratgan ona.
Oybekjon Majidov,
amaliyotchi