Sohtalashtirilgan sud hujjatlari, yolg‘on qo‘ng‘iroqlar, SMS-xabarnomalar va boshqa shakllarda sud organlari nomidan amalga oshiriladigan kiberjinoyatlarning oldini olish
Bugungi kunda raqamli texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Davlat xizmatlari, jumladan sud tizimi ham bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Bu esa qulayliklar bilan birga yangi xavf-xatarlarni ham keltirib chiqarmoqda. Xususan, sud organlari nomidan amalga oshiriladigan kiberjinoyatlar– soxtalashtirilgan hujjatlar, yolg‘on qo‘ng‘iroqlar, SMS va messenjer orqali yuboriladigan xabarlar orqali fuqarolarni aldash holatlari tobora ko‘payib bormoqda.
Bunday jinoyatlar turli usullarda amalga oshiriladi. Eng keng tarqalgan usullardan biri – soxta sud hujjatlarini tayyorlashdir. Jinoyatchilar sud qarorlari, chaqiruv qog‘ozlari yoki jarima to‘g‘risidagi xabarlarni qalbaki tarzda tayyorlab, fuqarolarga yuborishadi. Ularda rasmiy muhr, imzo va rekvizitlarga o‘xshash elementlar qo‘llanilishi tufayli oddiy fuqaro uni haqiqiy deb qabul qilishi mumkin.
Yana bir keng tarqalgan usul – telefon qo‘ng‘iroqlari orqali aldash. Bunda jinoyatchi o‘zini sud xodimi yoki ijrochi sifatida tanishtirib, fuqaroga nisbatan ish ochilganini aytadi va muammoni «tezda hal qilish» uchun pul talab qiladi. Shuningdek, SMS va internet messenjerlari orqali yuboriladigan xabarlarda havola (ssыlka) berilib, fuqarolarni soxta saytlarga kiritish orqali shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritish holatlari ham uchramoqda.
Kiberjinoyatlarning ko‘payishiga bir qator omillar sabab bo‘lmoqda. Birinchidan, fuqarolarning axborot xavfsizligi bo‘yicha bilimlari yetarli emas. Ko‘pchilik shubhali xabarlarni tekshirmasdan ishonib qoladi. Ikkinchidan, internet va raqamli xizmatlardan foydalanish ko‘lamining kengayishi jinoyatchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Uchinchidan, ayrim hollarda rasmiy axborot manbalari bilan aloqa qilishning murakkabligi ham fuqarolarni aldanishga olib keladi.
Bu muammoga qarshi kurashishda eng muhim omillardan biri– aholining xabardorligini oshirishdir. Fuqarolar quyidagi qoidalarga amal qilishi zarur:
Sud organlari hech qachon telefon yokiSMS orqali pul talab qilmasligini bilish;
Noma’lum raqamlardan kelgan qo‘ng‘iroq va xabarlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish;
Shubhali havolalarni bosmaslik va shaxsiy ma’lumotlarni kiritmaslik;
Har qanday rasmiy hujjatni tekshirish uchun faqat rasmiy manbalarga murojaat qilish.
Kiberjinoyatlarning oldini olishda davlat organlari ham faol ishtirok etishi lozim. Jumladan:
Sud hujjatlarini elektron raqamli imzo orqali tasdiqlash tizimini keng joriy etish;
Rasmiy elektron platformalarni mustahkam himoya bilan ta’minlash;
Fuqarolar uchun yagona va ishonchli axborot manbalarini yaratish;
Kiberjinoyatlarga qarshi maxsus bo‘linmalar faoliyatini kuchaytirish.
Shuningdek, telekommunikatsiya kompaniyalari bilan hamkorlikda spam qo‘ng‘iroqlar va xabarlarni aniqlash va bloklash tizimlarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Sud organlari nomidan soxtalashtirish, firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy qo‘lga kiritish jinoyat hisoblanadi va qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va jinoyatchilarni jazolash profilaktikada muhim rol o‘ynaydi.
Xulosa qilib aytganda, sud organlari nomidan amalga oshiriladigan kiberjinoyatlar jamiyat uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Ularning oldini olish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar vazifasi emas, balki har bir fuqaroning hushyorligi va mas’uliyatini ham talab qiladi. Zamonaviy texnologiyalardan oqilona foydalanish, axborot xavfsizligi madaniyatini oshirish va tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali bu kabi jinoyatlarga samarali qarshi kurashish mumkin.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudining raisi B.Tagayev