Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlardagi taftish instansiyalari tugatiladi

Fuqarolik va iqtisodiy sudlarda ko‘riladigan da’volarning katta qismi nizosiz ishlarga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bois bunday masalalarni ma’muriy organlar vakolatiga o‘tkazish taklif etilmoqda. Bu fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari muammolarining qisqa muddatda hal etilishini ta’minlaydi.

Yana bir qulaylik – ma’muriy va iqtisodiy sud ishlarini eksterritorial tarzda ko‘rish tartibini joriy etish. Bugungi raqamli texnologiyalar asrida buning imkoni bor.

Adolat va ishonchni ta’minlashda sudyalik lavozimining barqarorligi muhim. Shu maqsadda sudyalikka tayinlash muddatlarini qayta ko‘rib chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Barcha yo‘nalishdagi sudlar bo‘yicha mintaqaviy taftish sudlarini tashkil etish, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlardagi taftish instansiyalarini tugatish taklifi bildirildi. Bunda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda faqatgina apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi bo‘lishi, taftish instansiyasi esa 5 ta mintaqaviy sudda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Yana bir muhim masala – sud tizimi uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishdir. Shu maqsadda Sudyalar oliy maktabini isloh etib, uning negizida Odil sudlov akademiyasini tashkil etish konsepsiyasi taqdimot qilindi.

Davlatimiz rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli farmonlarni imzoladi.

M.O`roqov,

Jinoyat ishlari bo`yicha tuman sudining tergov sudyasi