OILA MUQADDAS DARGOH

Oila – jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, muqaddas maskan. Insoniyatning eng sof, pokiza tuyg‘ulari, kamolotga yetish bosqichi oila bag‘rida shakllanadi. Oilada ma’naviy muhit sog‘lom bo‘lsa, oila mustahkam bo‘ladi. Biroq bugungi kunda jamiyatimizda ko‘plab oilalarning ajralish holatlariga guvoh bo‘lyapmiz. Ajralish – bu eng kuchli hissiy va ruhiy zarba bo‘lib, u turmush o‘rtoqlar uchun izsiz bo‘lmaydi.

Ayol ko‘pincha ajrashgandan keyin yolg‘iz qoladi. Kimnidir omadi chopmaydi va boshqa turmush qurmaydi, kimdir munosabatlar takrorlanishidan qo‘rqadi va kimdir, ayniqsa, 40 yoshdan oshgan ayollar, o‘z eriga taqdirini topshirib, itoat qilib yashashdan ko‘ra yolg‘iz yashashni afzal ko‘radi. Ularning allaqachon katta yoshli bolalari bor va ular o‘z hayotlarini faqat o‘zlariga, o‘z manfaatlariga bag‘ishlashlari mumkin.

Ko‘plab juftliklar nikohlari buzilganidan afsuslanishadi, ular ajrimdan keyin sobiq turmush o‘rtog‘iga hissiy jihatdan bog‘lanib qoladilar.

Ajralishlardan, birinchi navbatda, bolalar aziyat chekmoqda. Oilaviy ajrimlar turli sabablarga ko‘ra yuzaga kelgani holda, ajralish ham turli oqibatlarni keltirib chiqaradi. Oila qo‘rg‘oni qanchalik mustahkam bo‘lsa ajrimlar ham bo‘lmaydi. Tinchlikni, hotirjamlikni oiladan boshlash lozim.

         Rajabgul Gulmatova,

tuman FHDYO bo‘limi II toifali inspektori