Yangi turmush qurgan yoshlarga o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun garovsiz kredit ajratiladi

“Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarning yakka tartibdagi xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish tartibi belgilangan.

Kredit quyidagi shartlar asosida ajratiladi:

bozor stavkasida mijoz xohishiga ko‘ra 6 oy imtiyozli davr bilan;

20 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga;

boshlang‘ich badali yakka tartibdagi xonadonda qo‘shimcha qurilayotgan uy-joy qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda.

Shuningdek, qarz oluvchi quyidagi muvofiqlik mezonlariga mos bo‘lishi lozim, jumladan:

kredit olish uchun murojaat qilgan kunida 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi;

“Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning yangi turmush qurganlari (nikohi qayd etilganiga 3 yildan oshmagan bo‘lishi lozim);

daromad manbalariga, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligidan yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan doimiy daromadga ega bo‘lishi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Mengliqulov Sayfiddin.

Konstitutsiyaviy sud sudyalarining vakolat muddati o‘zgardi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud referendumga chiqarilayotgan masalalarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.

Konstitutsiyaviy sud mazkur toifadagi masalalar bo‘yicha tegishli hujjatlar olingan kundan e’tiboran 15 kundan kechiktirmay qaror qabul qiladi.

Shuningdek, kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz 10 yillik muddatga saylanadi (ilgari birinchi marta 5 yilga, ikkinchi marta 10 yilga saylangan).

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markaz bosh yuriskonsulti Xursandov Olim.

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ushbu Qonun bilan intellektual mulk obyektlarining himoya qilinishini tartibga soluvchi bir qator qonunlarga, shuningdek yuridik shaxslarni ro‘yxatga olish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish va litsenziyalash bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim qonunlarning moddalariga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bundan tashqari “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida Ijtimoiy himoya yagona reyestrida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va (yoki) O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlari 50%li chegirma bilan ko‘rsatilishi belgilandi.

Qonunning qabul qilinishi intellektual mulk huquqlarining himoya qilinishini kuchaytirishga va ushbu sohada samarali markazlashtirilgan boshqaruv tizimini ta’minlashga, shuningdek davlat xizmatlari sifatini oshirishga hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markaz bosh yuriskonsulti Mamatov Faxriddin.

Fuqarolar o‘z huquq va manfaatlarini buzayotgan mansabdor shaxslar qarorlari ustidan ma’muriy sudga murojaat qilganda davlat boji to‘lamaydi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘z huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Mazkur shaxslarning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.

Bunday holatlarda fuqarolardan berilgan arizalar bo‘yicha undiriladigan davlat boji BHMning 70 foizi etib belgilandi (ilgari BHMning 1 baravari miqdorida edi).

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Choriev Samad.

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga va boshqa qonunlarga O‘zbekiston Respublikasining Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining hamda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining, O‘zbekiston Respublikasining Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyaning, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligining nomlarini va vakolatlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Ushbu Qonun agrar hamda mudofaa sanoati sohalaridagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Jarqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi mutahassisi Imomov Jo’rabek.