YANGI YIL SUHBATI

Yangi yil bayrami yaqinlashib, uni munosib kutib olishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ma`muriy binolar, tadbirkorlik subyektlari hovlisi, sport majmuasiga archa o‘rnatilib, chiroyli va rang-barang o‘yinchoqlar bilan bezatilayapti. Bunday xursandchilik ishlari bajarilayotganligini hali bu nima ekanligini anglab yetmagan bolalar ham ko‘rayapti. Ularga to‘g‘ri gapirish, hayotga munosib tayyorlash mas`uliyati katta yoshdagi yurtdoshlarimizni har doim ezgu suhbatlarga chorlaydi. Bir bola bobosidan so‘radi:

-Bobo, yangi yil nima degani?

-Bu yil tugab, yangi yilning kirib kelishini shunday ataymiz. 1 yanvar yangi yilning boshlanishi, xursandchilik kuni. Hamma bayramni intiqib, orziqib kutadi. Bolalar chiroyli bezatilgan archalar atrofida quvnab, yayrab o‘ynaydi. Raqsga tushadi. She`r, qo‘shiq aytadi. Ota-onasi, bobo-momasi, aka-opasiga o‘rgangan tomoshasini ko‘rsatib mamnun qiladi.

-Ha, zo‘r ekan-ku. Men ham yangi yil bayramida qatnashsam bo‘ladimi?

-Albatta, hammamiz bayramni yaxshi kayfiyatda o‘tkazishimiz uchun shart-sharoitlar yaratilayapti. Katta archa o‘rnatilib, har xil o‘yinchoqlar bilan bezatilmoqda. Attraksionlar ishlab bolalarning maza qilib quvnashi uchun tayyor holda turibdi. Ota-ona, aka-opa hamrohligida bayramda qatnashish zarur.

-Ha-ha-ha, – dedi kulub, – Oyim bayram kuni oshxona ishlari bilan band bo‘ladi. Uning yoniga borib menga e`tibor bilan qarashini xohlasamda unchalik ko‘p vaqt ajratmaydi. Nega bundayligini hech tushunmayapman, – deya shikoyat ham qildi.

-Bayram bizga qut-baraka olib keladi. Oying bayramni yaxshi nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish uchun oshxona ishlari bilan band bo‘ladi. Mazali ovqat pishiradi. Dasturxonga turli xil meva-sabzavotlarni, pishiriqlarni chiroyli holda qo‘yadi. Buning barini o‘z vaqtida bajarish uchun ko‘p vaqt sarflaydi. Buning uchun sen hafa bo‘lma. Balki bayram kuni e`tiborli bo‘l, to‘palang qilma. Biz bilan birga quvonchli kunlarimizni birga o‘tkaz.

-Xo‘p. Shu kunlarda televizorda yosh, hali ko‘p narsaning ma`nosini tushunib yetkazmagan bolalar panqilloq o‘ynab, oqibatda yuzini, ko‘zini kuydirib jarohatlayotganligini ko‘rayapman. Men ularga o‘xshab panqilloq o‘ynamayman.

-Juda to‘gri qilasan. Shu kunlarda ayrim savdo rastalari, do‘konlarda panqilloq-pirotexnika mahsulotlari sotuvchilar ko‘payib qoladi. O‘smirlar bu mahsulotlarni oqibatini o‘ylamay sotib olib birmuncha vaqtlik zavqlanish uchun olov sachratib, panqillatib o‘ynamoqda. Olov yuziga, ko‘ziga sachrab kuydirayapti. Bunday bolalarga o‘xshamaslik kerak. Ular yomon bolalar. Sen panqilloq o‘ynamay, odobli, tarbiyali bo‘lsang o‘zinga ham, bizga ham yaxshi. Bayramni tinch-totuv kutib olamiz.

-Tushundim. Endi men yangi yil bayramida nima qilishni yaxshi bildim. Sizga rahmat, bobo.

                                                                                              N. MUHAMMADIYEV