Leyshmanioz qanday kasallik?

Leyshmanioz kasalligi – leyshmaniya qo‘zg‘atuvchilari bilan zararlangan iskabtoparlarning chaqishi orqali yuqadigan tabiiy o‘choqli parazitar kasallikdir. Teri leyshmaniozi xalq orasida pashshaxo‘rda, afg‘on yara, pendinka va Borovskiy kasalligi deb ham ataladi.Kasallik belgilari asosan sentyabr-dekabr oylarida yuzaga chiqadi. Tumanimizda leyshmanioz kasalligi o‘chog‘i yo‘qligi sababli,  kasallik holatlari kasallik o‘choqlarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib boruvchi insonlarda uchraydi.

Odamlarda uchraydigan leyshmaniozlar quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:

•        Vistseral leyshmaniozi;

•        Teri leyshmaniozi;

•        Teri shilliq leyshmaniozi;

O‘zbekiston sharoitida asosan vistseral va teri – leyshmaniozi kasalliklari uchraydi.

Kasallik manbaiga ko‘ra:

•        Zoonoz (kasallik manbai kemiruvchilar);

•        Antroponoz (kasallik manbai – bemor odam) teri – leyshmaniozi farqlanadi;

Teri leyshmaniozida kasallikning klinik kechishi yaralarning joylashuvi, ularning soni va jarohatga ikkilamchi infeksiyaning qo‘shilishi bilan bog‘liq bo‘ladi va panjalarda furunkulsimon katta-kichik, uzoq vaqt bitmaydigan (bir yilgacha) yaralar paydo bo‘ladi. Yaralar 1-10 tagacha bo‘lib, o‘ta og‘riqli bo‘ladi. Yaralar bitgandan so‘ng o‘rnida umrbod saqlanib qoladigan chandiqlar qoladi. Bemorda kasallikdan tuzalgandan keyin immunitet bir umr saqlanib qoladi. Boshqa bu kasallik bilan og‘rimaydi.

Vistseral leyshmaniozda kasallik manbai it va itsimonlar oilasiga kiruvchi hayvon (bo‘ri, chiyabo‘ri va tulki)lar hisoblanadi.

Vistseral leyshmaniozda odamning ichki organlari kasallanadi – o‘tkir boshlanib, tana haroratining 39-40 darajagacha ko‘tarilishi, sovuq qotish, qaltirash, kamqonlik, umumiy holsizlik, ishtahaning pasayishi, teri qoplarining oqarishi va toshma toshishi bilan kechadi. Ichki organlarning zararlanishi hisobiga kasallik og‘ir kechadi, ba’zi holatlarda o‘lim bilan yakunlanadi.

Kasallikning asosiy klinik belgilaridan biri jigar va taloqning kattalashishi hisoblanib, taxminan 10 foiz bemorlarda jigar sirrozi kuzatiladi. Kasallikning oxirgi bosqichlarida tanada shishlar paydo bo‘lishi, ozib ketish va terining qorayishi kuzatiladi.

Qo‘l – oyoqlarning bo‘g‘im qismida joylashgan yara harakatlarni  chegaralab qo‘yadi. Yara bitgandan so‘ng o‘rnida chuqur chandiq hosil bo‘ladi. Kasallikdan so‘ng immunitet umrbod saqlanadi.

Vistseral leyshmanioz bilan kasallangan it ozg‘in, tuki to‘kilgan, orqa oyoqlari shol bo‘ladi. Eng asosiysi – tumshug‘i, quloqlari, kiprik va panjalari oqaradi. Bunday itlarni veterinar ko‘rigidan o‘tkazish shart.

Leyshmanioz kasalliklarining oldini olishda                                              profilaktik chora-tadbirlar:

•        Iskaptopar chaqishidan shaxsiy va guruhli himoyalanish maqsadida har xil cho‘chituvchi kremlar – repellantlardan foydalaniladi. Endemik tumanlarda deraza oynalari maxsus to‘rlar bilan berkitib, repellantlar bilan ishlov berilgan pashshaxonalar ishlatiladi;

•        Iskabtopar chaqishidan himoyalanish maqsadida kechki vaqtlarda tananing ochiq joylarini berkitish, engi uzun kiyimlar, paypoqlar kiyish tavsiya etiladi.

•        Odamlar orasida antroponoz teri – leyshmanioz kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida kunning kechki vaqtlarida bemorlar jarohatlari bog‘lab qo‘yilishi tavsiya etiladi;

•        Yaralarni bog‘lashdan maqsad ikkilamchi infeksiya tushishining oldini olishdir.

•        Eng zarur tadbirlardan biri – aholi yashash joylarida sanitariya talablariga rioya qilishdir.

    ESDA  TUTING!

Kasallikning ilk belgilari paydo bo‘lganda, darhol shifokorga murojaat qilish kerak, chunki kasallik asorati, uning to‘g‘ri va o‘z vaqtida o‘tkazilgan maxsus davo kursiga bog‘liq.

SALOMATLIGINGIZNI

      ASRANG!

                  U. Islomov,

Qumqo‘rg‘on tuman SEO va JS bo‘limi  entomologi

             M. Xolbekova, 

Parazitolog yordamchisi