Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishda muhim huquqiy asos yaratdi. Bu davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning namoyon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning barcha shakllariga nisbatan murosasiz munosabat qaror topadi.
Qonunda, avvalo, korrupsiya bilan bog‘liq tushunchalar berilgan. Korrupsiya shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqyeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishdir. Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy prinsiplari va yo‘nalishlari mustahkamlangan. Unga ko‘ra, qonuniylik, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va oshkoralik, tizimlilik, davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplaridir.
Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta`minlash ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Bosh prokuratura huzuridagi Departament korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlaridir. Qonunga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonun hujjatlariga asosan boshqa davlat organlari ham amalga oshiradi.
Qonunda ko‘rsatib o‘tilgan organlarning korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida amalga oshiradigan ishlari aniqlashtirildi. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tezkor-qidiruv faoliyatini, surishtiruvni, dastlabki tergovni, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni amalga oshiradi.
Korrupsiya bu jamiyatning va davlatning rivojlanayotgan ildizini yemiruvchi bir illatdir. Respublikamizda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idarolaroro komissiyasi tuzilgan bo‘lib, mazkur komissiya o‘z faoliyatini mazkur qonun normalariga tayangan holda olib bormoqda.
O‘. AKROMOV,
J. KENJAYEV,
viloyat prokurorining katta yordamchisi