Ayollarning huquq va manfaatlari qonun himoyasida

Bizga ma‘lumki, hozirda mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilishning institusional hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga, bolalar orasida nazoratsizlikning va ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga, shuningdek nogironligi bo‘lgan bolalarni hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

 Jumladan, qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, Senat tomonidan  ma`qullangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to`g‘risida”gi  O‘zbekiston Respublikasining qonuniga asosan amaldagi qonunchiligimizning ayollar huquqlari bilan bog‘liq ma`lum  normalariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Bundan tashqari, Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) idoralararo komissiyalarining faoliyati isloh etilib, ular tegishincha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) komissiyalari etib qayta tashkil etildi.

Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohada o‘z huquqlari va manfaatlarini amalga oshirishida qo‘llab-quvvatlash masalalarini tartibga soluvchi qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirishni nazarda tutuvchi, shuningdek bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlab qo‘yuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Ushbu qonun xotin-qizlar va bolalarga nisbatan shilqimlik hamda zo‘ravonlikning oldini olishga, oilalardagi ma`naviy-axloqiy muhitni yaxshilashga, bolalar va xotin-qizlar huquqlari bilan bog‘liq xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi, shuningdek Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) komissiyalari faoliyatining mustahkam huquqiy asosini yaratadi. Jumladan:

1. Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish;

2. O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yohud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish;

3. Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik;

4. Shaxsning sha`nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma`lumotlarni oshkor qilish;

5. Shahvoniy shilqimlik qilish;

6. Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish;

7. Ota-onaning o‘z voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasligi;

Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish kabi ayollarning huquq va manfaatlari himoyasiga bevosita aloqador normalarning kiritilishi orqali yuqorida sanab o‘tilgan harakatlarni sodir etish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning  oldi olinishi va soni kamaytirilishi uchun muhim asosdir.

A.     XOLMO‘MINOV,

Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi raisi