EZGU TUYG‘ULAR SOHIBI

Hatto maysaning ham xotirasi bor,

         Maysa xotirasi — nurga intilmoq.

                         Ko‘karsa — ikkiga bo‘lib tashlaydi,

                                         Yo‘lining ustida tursa hatto tog‘.

Inson xotira bilan barhayot. Hayoti davomida yaxshi hamda yomon xotiralar bilan hamohang tarzda yashaydi. Yurtimizda har yili 9-may Xotira va qadrlash kuni keng miqyosda nishonlanadi. Ushbu sanada o‘tganlarni xotirlaymiz, tiriklarni qadrlaymiz. Bolalik yillarimda oilada eng kenja farzand bo‘lganim uchun erkatoy bo‘lganman. Opalarimning hamda akalarimning mehrlari bilan, ota – onamning  qaynoq taftlarini his etib ulg‘aydim. Esimni taniganimdan boshlab otamning jiyani ya’ni ammamning o‘g‘li bo‘lgan Yaxshiboy akam bilan uning oilasi, farzandlari bilan yaqin bo‘lib voyaga yetdim. Yaxshiboy akam ota-onasidan  erta ayrilib otamning ya’ni tog‘asining qo‘lida qoladi. Otam o‘zining burchini ado etib uylantiradi. To‘ydan so‘ng bizning oilada biroz yashab keyin alohida uyga ko‘chib o‘tishadi. Uzoq yillar tumanimizdagi paxta tozalash punkitida ishlab, halol mehnat qilib uch nafar farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazadi. Akamning xonadonida o‘zgacha fayz bor  edi. Uyimizda barcha narsa kam ko‘stsiz bo‘lsa ham, akamnikiga borsam bir oiladek his qilar edim. Hayot sinovlarga boy deb bejizga aytishmagan. Baxtli kunlar ortidan qayg‘u ham yonma-yon kelar ekan. Yaxshiboy akamning 20 yildan ortiq birga yashagan  turmush o‘rtog‘i  Oygul yangam og‘ir dardga chalinib  2004  yilda vafot etdi. Farzandlarining tarbiyasi, oilasining xotirjamligi uchun ikkinchi marta turmush qurdi. Ikkinchi turmushidan ham ikki nafar qiz farzandli bo‘ldi. To‘rt nafar qizini  tarbiya qilib, kam-ko‘stsiz  uzatdi. Nabiralar ko‘rib, sevimli bobojonga aylandi. Erkak kishi ko‘z yosh to‘kmay bor dardini ichiga yutadi. Bir kun kelib yutgan alamlari o‘z natijasini ko‘rsatadi. Yaxshiboy  akam ham yillar o‘tib og‘ir hastalikka chalindi. Shunday bo‘lsa ham hech kimga dard og‘riqlarini sezdirmadi. Doim yuzida tabassum bilan yurdi. Navro‘z bayramida otajonim insult olib yotib qoldi. Akajonim o‘zining joni og‘rib tursa ham tog‘amni ko‘raman deb uzoq yo‘l bosib kelib-ketib yurdi. Kelaolmay qolgan kunlari akalarimga yoki menga qo‘ng‘iroq qilib hol-ahvol so‘rab turdi. Insonlar o‘rtasida mehr-muhabbat tuyg‘ulari mujassam. Akamning vafot etganiga ham bir oydan oshdi. Ammo xotirasi qalbimizda abadiy qoldi. Hayotining so‘nggi kunigacha dardini hech kimga bildirmadi, hayotidan nolimadi. Men bir narsaga afsus qilaman, vafot etishidan bir kun oldin kechki vaqt soat 5 da menga telefon qildi, biroq yig‘ilishda ekanligim sababli qo‘ng‘irog‘iga javob bera olmadim. So‘nggi bor ovozini eshita olmaganim menga armon bo‘lib qoldi. Ilohim akamning joylari jannatda bo‘lsin. Oxiratlari obod bo‘lsin. Azizlar bir-birimizning qadrimizga tirikligimizda yetaylik. Har bir o‘tayotgan kunimiz,daqiqamiz g‘animatdir.

     Rayhon Mengziyayeva