DUNYONI O‘ZGARTIRGAN KIR YUVUVCHI AYOL

Ozeola Makkarti 1908 yilda AQShning Missisipi shtatidagi Hattisburg shahrida tug‘ilgan.

 U oddiy afro-amerikalik qiz edi va butun bolaligi hamshira bo‘lishni va Janubiy Missisipi universitetida o‘qishni orzu qildi. Ammo 6-sinfda u kasal xolasiga qarash uchun maktabni tark etishga majbur bo‘ldi. U keyin maktabga qaytmadi.

 Ozeola kir yuvuvchi bo‘lib ishga kirdi. Har kuni u mehnati uchun bir necha dollar olardi. Bir kuni Missisipi milliy bankiga kelib, omonat hisobini ochishni so‘radi. U har kun ish kuni oxirida bankka 1 – 1,5 dollargacha pul olib kelardi. Undan nima uchun jamg‘arayotganini so‘rashganda, u keksa buvisi uchun mablag‘ yig‘ayotganini aytdi.

Uning buvisi 1944 yilda vafot etdi, ammo Ozeola odatini tark etmadi. Har kuni bankdagi omonat hisobiga oz miqdorda pul qo‘yardi. Uning onasi va xolasi ham 1970 yillarda vafot etdi.

 Banklar birlashtirildi, yopildi va ochildi, uning hisoblari bir bankdan ikkinchisiga o‘tdi. Bir kuni bank xodimi Ozeolaga mablag‘larning bir qismini obligatsiya fondlariga o‘tkazishni taklif qildi va u bunga unchalik ahamiyat bermasdan rozi bo‘ldi.

75 yil davomida Ozeola amakisidan meros bo‘lib qolgan eski yog‘och uyda yolg‘iz yashab, kir yuvuvchi bo‘lib ishladi. Uning hech qachon o‘z mashinasi bo‘lmagan, turmushga chiqmagan va farzand ham ko‘rmagan. Nafaqaga chiqishidan oldin u Niagara sharsharasini ziyorat qilish uchun Missisipi tashqarisiga faqat bir martagina sayohat qilgan.

1995 yilda bank xodimi Pol Loglin so‘nggi haftada Ozeola bankka tashrif buyurishni to‘xtatganini payqadi va tushlik paytida o‘zi uning uyiga borishga qaror qildi. Ozeolaning kasal bo‘lgani, lekin allaqachon o‘zini yaxshi his qilayotganini bildi. Kelgusida, albatta ishga qaytadi, ya’ni bankka yangi jamg‘armalari bilan keladi. U ko‘z oldida yuzida hayratli tabassumi bilan qo‘llari og‘ir kundalik ishdan artrit bo‘lgan ma’suma ayolni ko‘rdi.

Bankga qaytib, Ozeola Makkarti hisobining holatini tekshirishga qaror qildi. Ozeolaning hisobida 250 000 dollardan ko‘proq pul bor edi!

Ko‘p o‘tmay, miss Makkarti bankka kelib, bu xabarni eshitdi. Albatta, u bank xodimi aldayapti deb o‘ylab, unga ishonmadi. O‘z hisobidagi raqamlarni ko‘rgach: «Agar bu yerda xato yo‘qligiga ishonchingiz komil bo‘lsa, pul hisobda qolsin», dedi.

 Bank xodimlari uzoq vaqt davomida Ozeolaga endi ishlashga hojat yo‘qligini, to‘plangan pul uning qariligini va undan ham ko‘prog‘ini ta’minlash uchun yetarli ekanligini tushuntirishga harakat qilishdi. Ammo Ozeola pul uchun ishlamasligini, odamlarga foyda keltirishni yoqtirishini aytdi.

 –Unda yig‘ilgan pulingizni nima qilish kerak? — so‘radi bank xodimlari. Bu savolga ayol javob qaytarolmadi.

 Keyin Pol Laflin cho‘ntagidan o‘nta tanga chiqarib so‘radi:

 – Agar sizda o‘nta tanga bo‘lsa, nima qilgan bo‘lardingiz, miss Makkarti?

 –Men cherkovga bittasini bergan bo‘lardim, men har doim shunday qilganman va shunday qilaman. Keyin uchtasini uchta qarindoshimga beraman, ular yaxshi odamlar va g‘amxo‘rlik qilishga loyiqdirlar. Qolgan 6 tasi uchun esa men o‘zgacha bir narsani o‘ylab topaman.

 Uning qaroridan hamma hayratda qoldi.

 –Va o‘zingiz uchun qancha sarflaysiz?

 – O‘zim uchunmi? – dedi Ozeola, – Men o‘zimga g‘amxo‘rlik qila oladigan ahvoldaman!

 1995 yilda uning jamg‘armasi va Janubiy Missisipi universiteti tashkil etildi. Shu yili universitetga 150 000 AQSh dollari miqdorida xayriya va «Men orzu qilishga qodir kambag‘al bolalar uchun stipendiyalar tashkil qilmoqchiman!» deb yozilgan maktub keldi.

 Jamg‘arma Missisipidagi afro-amerikaliklarga bepul ta’lim olish imkoniyatini taqdim etdi. Bu voqea tezda butun shtat bo‘ylab, keyin esa butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Ozeola Makkartining bu harakati ko‘plab biznes rahbarlari va oddiy odamlarni fondga xayriya qilishga ruhlantirdi.

 1997 yilda Ted Tyorner Makkartining hikoyasidan shunchalik ta’sirlandiki, u xayriya uchun 1 milliard dollar xayriya qildi.

 Ozeola Makkarti bir vaqtlar o‘qishni orzu qilgan Janubiy Missisipi universitetidan uch mil uzoqlikda yashashiga qaramay, u hech qachon u yerda bo‘lmagan. U yerga birinchi marta kelganida, dastlabki 30 daqiqada bir og‘iz so‘z aytolmadi, uni yuzlab talabalar olqishlar bilan kutib olishdi.

        Davomi kelgusi sonda.

Manzura Bekjonova tarjimasi