Zilzila yuz berganida aholidan talab      etiladigan xavfsizlik choralari!

Zilzila yuz berganda, yerning yuza qismi uncha uzoq bo‘lmagan vaqt tebranib turishi kuzatiladi. Zilzila davri – zilzila yer qatlamining yuzasida va yaqin masofada bo‘lsa bir necha soniya, chuqurroq va olisda bo‘lsa 2-4 daqiqagacha davom etishi mumkin.

Bu tebranishlar insonga noqulaylik tug‘dirib, qo‘rquvga tushuradi. Lekin yer silkinishining to‘xtashini kutishdan boshqa chora yo‘q. Shuning uchun sarosimaga tushmaslikka harakat qiling, osoyishtalik va xotirjamlikni saqlash juda muhim. Yer qimirlayotganda xotirjamlik va aql bilan ish ko‘rsangiz talofatsiz chiqishingizga ko‘proq imkoniyat bo‘ladi.

Xonaning ichida quydagilarga amal qiling:

1.      Agar siz yer yoki binoning silkinishini sezsangiz, yuqoridagi jismlarga e’tibor bering va ularning pastki qismida turmang.

2.      Agar siz birinchi qavatda xom g‘ishtli, pishgan g‘ishtli yoki paxsa devorli shaxsiy uylarda yashasangiz, yer qimirlash boshlanishi bilan 15-25 soniya ichida darhol uyning ichidan tashqariga chiqib keting va elektr simlari, gaz quvurlari va baland imoratlar tagidan uzoqroqqa ochiq joyga o‘ting.

3.      Agar xonaning ichida qolsangiz stol yoki krovatlar tagiga berkinib oling.

Maktab o‘quvchilari partalarning tagiga kirib, oynaga teskari o‘girilib, boshlari va yuzlarini qo‘llari bilan berkitib olishlari zarur.

4.      Agar siz birinchi qavatdan yuqorida bo‘lsangiz, lift yoki zinapoyalarga qarab yugurmang, chunki ko‘p hollarda yer qimirlashida ushbu qurulmalar birinchi bo‘lib qulaydi.

Bunday hollarda uyning eshigini ochib uning o‘rniga turing. Eshik tutqichi qotib qolsa xavotir olmang, bu hol imorat devorlarining og‘ishidan bo‘ladi.

5.      Har qanday binoning oynaband devorlaridan uzoqroqqa, asosiy devori yonida turishga harakat qiling. Oyna to‘siqlaridan ehtiyot bo‘ling.

Ko‘chada quyidagilarga amal qiling:

1.      Ko‘p qavatli bino ostida turgan bo‘lsangiz, ochiq joyga chiqishga harakat qiling, chunki bino silkinishi natijasida siniq parchalari ustingizga tushishi mumkin. Elektr simlari tagida ham turmang, uzilib ketishi mumkin. Uzilib ketgan simlardan ehtiyot bo‘ling.

2.      Bino bo‘ylab uning tagida yugurmang, binoga kirmang, yuqoridan tushishi mumkin bo‘lgan bo‘laklar hayotingiz uchun xavfli.

3.      Yer silkinayotgan vaqtda avtomobilda ketayotgan bo‘lsangiz, yuqori qavatli binolar, elektr simi, tik yonbag‘rlar, ko‘priklar, benzin quyish shaxobchalari, daryo o‘zanidan uzoqroq joylarga borib mashinani asta to‘xtating. 

             B. USMONOV,

Qumqo‘rg‘on tumani FVB NTB boshlig‘i, leytenant