Kichkina qizaloq Gulchehra har kuni katta momosining yonida o‘tirishni yaxshi ko‘rar edi. Momosi esa har doim igna-ip bilan band bo‘lardi. U jimlikda, sokinlik bilan oq matoga naqsh tushirar, har bir tikkan chokida go‘yo hayotning o‘zi yashiringandek tuyulardi.
Gulchehra momosining ishiga qiziqib qarar, lekin eng ko‘p e’tiborini tortgani — devor bo‘ylab tartib bilan osilgan so‘zanalar edi. Ular bir-biriga o‘xshamasdi.
Birinchi so‘zanada faqat bir nechta anor tasviri bor edi. Sokin, oddiy, kamtar.
Ikkinchisida anorlar ko‘paygan, shoxlar kengaygan, naqshlar jonlangandek edi. Ranglar ham yanada yorqinroq ko‘rinardi.
Navbatdagi so‘zanalarda esa anorlar yanada ko‘payib borardi. Go‘yo hayot ham, quvonch ham ortib borgandek edi. Gulchehra buni ko‘rib quvonardi.
— “Momo, nega anorlar har safar ko‘payyapti?” — deb so‘radi u bir kuni.
Momo jilmaydi, lekin javob bermadi. Faqat ignasini sekin harakatlantirib, yana tikishda davom etdi. Gulchehra ôyinga qiziqib xonadan chiqib ketdi.
Vaqt ôtdi.
Bir kuni Gulchehra yana so‘zanalarga qaradi. Bu safar naqshlar o‘zgargan edi. Anorlar endi asta-sekin kamayib borardi. Avval ko‘p bo‘lgan joylar endi siyraklashgan, shoxlar qisqarib borgandek edi.
Qizaloq hayron bo‘ldi.
Keyingi so‘zanada anorlar yanada kam edi. Har bir yangi matoda go‘yo biror narsa yo‘qolib borayotgandek tuyulardi.
Gulchehrani yuragi g‘alati og‘riqni his qildi, lekin sababini tushunmadi.
Yillar o‘tdi.
So‘nggi so‘zana tayyor bo‘ldi.
Gulchehra uni ko‘rib qotib qoldi.
Oq mato ustida faqat bitta anor tasviri bor edi. Yolg‘iz, sokin, jim. Atrofida esa bo‘shliq… juda katta bo‘shliq.
Shu payt momo sekin o‘rnidan turdi. Uning qo‘llari charchagan, ko‘zlari esa uzoq yillarni ko‘rgandek chuqur edi.
U so‘zanalarga qarab shivirladi:
— “Har bir anor — mening hayotimdan bir bo‘lak edi…”
Gulchehra hech narsa demadi. U faqat so‘zanaga tikilib qoldi. Endi u tushunardi: avval ko‘paygan anorlar — hayotning gullagan yillari, sekin kamayganlari — yo‘qotishlar, oxirgi bitta anor esa — yolg‘izlik edi.
Momo sokin ovozda qo‘shimcha qildi:
— “Oxir-oqibat, har bir inson o‘z so‘zanasini yolg‘iz tugatadi…”
Xona jimlikka cho‘mdi.
Azimova Hamida,
Termiz Davlat Universiteti ozbek filologiyasi fakulteti, filologiya tillarni oqitish ozbek tili talim yo`nalishi talabasi