SUN’IY INTELLEKT: IMKONIYAT VA MAS’ULIYAT

Mamlakatimizda sun’iy intellektni rivojlantirish va undan samarali foydalanish bo‘yicha qator me’yoriy hujjatlar qabul qilinmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga sun’iy intellektni joriy etish, zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish hamda «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasi maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan vazifalar belgilangan.

Bugungi kunda sun’iy intellekt hayotimizning ko‘plab sohalariga kirib keldi. U tasvir va videolarni qayta ishlash, matn va kontent yaratish, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish kabi jarayonlarda insonning yordamchisiga aylanmoqda. Shu sababli «sun’iy intellekt odamlarning ishini olib qo‘ymaydimi?» degan savol ham dolzarb. Mutaxassislar tadqiqotlariga ko‘ra, uning asosiy ta’siri insonni to‘liq almashtirishdan ko‘ra, mehnat jarayonlarini o‘zgartirish va ayrim vazifalarni avtomatlashtirish bilan bog‘liq.

Sun’iy intellekt tibbiyot va ta’limda ham katta imkoniyatlarga ega. Masalan, tibbiyotda ma’lumotlarni tahlil qilish va shifokorga yordam berishda, ta’limda esa o‘quvchining bilim darajasiga mos individual ta’lim dasturlarini yaratishda foydalanish mumkin.

Biroq texnologiyadan noto‘g‘ri foydalanish turli xavflarni ham yuzaga keltirmoqda. Jumladan, mashhur shaxslarning qiyofasi va ovozidan foydalanib, soxta videolar yaratish, fuqarolarni aldash va mablag‘larini noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritish holatlari uchramoqda. Shu bois internetdagi har qanday ma’lumotga ishonishdan oldin uning manbasini tekshirish muhim.

Sun’iy intellektdan qonuniy va foydali maqsadlarda ham foydalanish mumkin. Xususan, dizayn, kontent yaratish, dasturlash va boshqa ijodiy sohalarda undan samarali foydalanish imkoniyati keng.

Axborot texnologiyalarining rivojlanishi kiberxavfsizlik masalasini ham dolzarb qilmoqda. Davlatimiz rahbarining «Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ichki ishlar organlarini raqamlashtirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash va jinoyatlarga qarshi kurashishda zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish vazifalari belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt insoniyat uchun katta imkoniyatlarni yaratmoqda. Muhimi, undan oqilona va mas’uliyat bilan foydalanish, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish hamda inson nazoratini saqlab qolishdir. Sun’iy intellekt inson tomonidan yaratilgan vosita ekanini unutmasligimiz kerak.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudi raisi
B. Tagayev