Oilaviy-maishiy zo‘ravonlik bugungi kunda jamiyat oldida turgan dolzarb muammolardan biridir. Bunday holatlar nafaqat oila a’zolarining huquq va erkinliklarini buzadi, balki oiladagi sog‘lom muhit, farzandlar tarbiyasi va jamiyat barqarorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Oilaviy-maishiy zo‘ravonlik jismoniy, ruhiy, iqtisodiy tazyiq hamda boshqa noqonuniy xatti-harakatlarda namoyon bo‘ladi. Haqorat qilish, tahdid o‘tkazish, kamsitish, erkinlikni cheklash va iqtisodiy qaramlikka majbur etish ham zo‘ravonlikning ko‘rinishlari hisoblanadi.
Bunday holatlarning oldini olish va jabrlangan shaxslarni himoya qilish mamlakatimiz davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish, jabrlanuvchilarning huquqlarini himoya qilish va huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish bo‘yicha muhim huquqiy mexanizmlar yaratilgan. Jumladan, himoya orderi berish, profilaktik tadbirlarni amalga oshirish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oilaviy zo‘ravonlikning oqibatlari, ayniqsa, bolalar uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Oiladagi doimiy nizolar va nosog‘lom muhit farzandlarning ruhiy holati, dunyoqarashi hamda kelajakdagi ijtimoiy munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli oilada o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va ishonch muhitini qaror toptirish muhim ahamiyatga ega.
Oilaviy-maishiy zo‘ravonlikning oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Bunda oila, mahalla, ta’lim muassasalari va jamoatchilik hamkorligi muhim o‘rin tutadi. Fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish va zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish orqali ushbu muammoning oldini olish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, sog‘lom oila — jamiyat farovonligining asosidir. Oilada tinchlik, o‘zaro hurmat va qonun ustuvorligini ta’minlash, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumani sudi raisi
B. Tagayev