So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish, sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash hamda inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida sudlar faoliyatini 2030 yilgacha rivojlantirishga qaratilgan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi ishlab chiqildi. Strategiyada 57 ta vazifa, 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan 160 ta chora-tadbir va 2030 yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsad belgilangan.
Strategiyaning asosiy maqsadi — fuqarolarning sudga murojaat qilishini yengillashtirish, buzilgan huquqlarini o‘z vaqtida tiklash va sud qarorlarining adolatli hamda xolis bo‘lishini ta’minlashdir.
Shuningdek, sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tizimi takomillashtiriladi, fuqarolik sudlari aholiga yanada yaqinlashtiriladi, barcha sudlarda “yagona darcha” tamoyili va raqamli xizmatlar joriy etiladi. “Raqamli sud” konsepsiyasi doirasida elektron murojaatlar va sud majlislarini audioyozuv orqali qayd etish amaliyoti kengaytiriladi.
Inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida tergov bosqichida “asosli gumon” standarti joriy etilishi, sud amaliyotining bir xilligini ta’minlash uchun ochiq “Pretsedentlar reestri” yuritilishi ko‘zda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, “Odil sudlov – 2030” strategiyasi sudlarni xalq uchun yanada ochiq, qulay va adolatli tizimga aylantirishga qaratilgan. Uning samarali amalga oshirilishi fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda sudlarga bo‘lgan ishonchni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining
Devonxona mudiri Q. Zubaydullayev