Mamlakatimizda nizolarni hakamlik sudlarida hal qilish mexanizmi joriy etilganligi fuqarolarning hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlashda, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda hamda mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga tahlillar hakamlik sudlari faoliyatini tashkil qilishning qonuniy asoslarini va ular tomonidan qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, hakamlik sudlariga qoʻyiladigan talablarni aniqlashtirish, hakamlik sudlari faoliyatini hamda hakamlik muhokamasini xalqaro standartlarga moslashtirish zaruriyati mavjudligini koʻrsatdi.
Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hakamlik bitimi taraflari boʻlishi mumkin emasligini, yer bilan bogʻliq, binolar va inshootlarga egalik huquqini belgilash hamda budjetdan pul undirish bilan bogʻliq nizolar hakamlik sudlari tomonidan hal etilmasligini belgilovchi, shuningdek budjet intizomi mustahkamlanishini, masʼul shaxslarning javobgarligi kuchaytirilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun hakamlik sudlari faoliyatini tashkil etishning qonuniy asoslarini mustahkamlash, malakali hakamlik sudyalari korpusini shakllantirish hamda budjet mablagʻlaridan samarali foydalanilishini taʼminlash uchun xizmat qiladi.
Hakamlik sudlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish,hakamlik sudlarini qonunga xilof ravishda tashkil etish, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Davlat organlarining, tashkilotlarining va muassasalarining, davlat ishtirokidagi korxonalarning, shuningdek fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining hakamlik bitimi taraflari boʻlishi, basharti jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, —mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan qonunga xilof ravishda hakamlik sudi qarorlarining ixtiyoriy ijro etilishi,
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining huquqiy maqomini, tashkil etilishini, faoliyatini tartibga soladi, shuningdek uning mazkur hakamlik sudini tashkil etgan nodavlat notijorat tashkiloti hamda boshqa yuridik shaxslar bilan oʻzaro munosabatlarini belgilaydi.Hakamlik sudlari maʼmuriy, oilaviy va mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolarni, yer bilan bogʻliq, binolar va inshootlarga egalik huquqini belgilash, budjet tizimi budjetlaridan hamda davlat organlaridan, tashkilotlaridan va muassasalaridan, davlat ishtirokidagi korxonalardan, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan pul mablagʻlarini undirish bilan bogʻliq nizolarni, shuningdek qonunda nazarda tutilgan boshqa nizolarni hal etmaydi.
Nodirbek Fayziyev,
Fuqarolik ishlari bo`yicha Qumqo`rg`on tumanlararo sudi raisi