So‘nggi yillarda sanoatning rivojlanishi, shaharlashuv va tabiiy resurslarning ortiqcha ishlatilishi tabiat bilan inson munosabatini izdan chiqarmoqda. Bu esa nafaqat atmosfera, balki insoniyatning o‘ziga ham xavf solayotgan dolzarb muammoga aylanib bormoqda.
Ammo bu muammoga qarshi kurashish faqat davlat idoralarining emas, balki har bir fuqaroning mas’uliyati hisoblanadi. Bir plastik idish chiqindiga aylanmasligi, bir daraxt kesilmasligi uchun har bir insonning ongli munosabati muhim. «Yashil hayot tarzi» – bu shunchaki shior emas, balki kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatdir.
Shu bois mamlakatimizda atrof-muhit muhofazasi va ekologik xavfsizlikni ta’minlash sohasida kechiktirib bo‘lmas izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasida ekologik barqarorlikka e’tiborni yanada kuchaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish maqsadida davlat darajasida muhim qarorlar qabul qilindi. Davlat rahbari tashabbusi bilan joriy yil Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yili, deb e’lon qilinishi mamlakatning barqaror taraqqiyot yo‘lidagi yangi strategik bosqichini boshlab berdi. Bu tashabbus orqali ekologik siyosatni isloh qilish, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish, havo sifati va suv resurslarini doimiy monitoring qilish hamda energiya tejamkor, kam uglerodli texnologiyalarni joriy etish kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, Yurtboshimizning 2024 – yil 26-sentabrdagi «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ekologik ma’lumotlarning oshkoraligini ta ’minlash va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga xizmat qil moqda . Bu isloho tlar O‘zbekistonning ekologik siyosatini yangi bosqichga ko‘tardi.
Yana shuni ta ’kidlash joizki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yashil makon» umummilliy dasturi bu yo‘nalishdagi keng qamrovli harakatlardan biridir. Dastur doirasida har yili millionlab daraxt va butalar ekilib, shaharlar, qishloqlar, yo‘l yoqalari va aholi yashash hududlari yashil maydonlarga aylantirilmoqda. Bu tadbirlar nafaqat hududlarning ko‘rkamlashuviga, balki havo sifati yaxshilanishi, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik muvozanatni saqlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
«Yashil makon» tashabbusi mamlakat fuqarolarini tabiatga befarq bo‘lmaslikka, har bir kishini shaxsan amaliy hissa qo‘shishga undayotgan umummilliy harakatga aylandi. Bu jarayonda davlat tashkilotlari, nodavlat tuzilmalar, yoshlar, tadbirkorlar va o‘z ixtiyor fuqarolarning hamkorligi ekologik madaniyatning yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratmoqda.
Shu bilan birga, 2025-yil 15 – mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinganligi bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishda muhim ahamiya t kasb etmoqda. Unda aholi hamda yoshlarda ekologik ongni shakllantirish, tabiatni asrashni milliy qadriyat sifatida mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot ishla ri hamda yana bir qator vazifalar belgilab berilgan.
Yuqoridagi hujjatlar nafaqat bugungi kun muammolarini hal etish, balki kelgusi avlodlar uchun ham toza havo, sof suv va yashil muhit qoldirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan ulkan amaliy harakatlardir.
Bugungi kunda chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya manbai sifatida foydalanish yo‘nalishida dunyo miqyosida va mamlakatimizda qator innovatsion yechimlar amalga oshirilmoqda. Masalan, qishloq xo‘jaligida organik chiqindilardan biogaz ishlab chiqarish texnologiyalari joriy etilib, ular orqali nafaqat elektr va issiqlik energiyasi olinayotgani, balki atmosferaga chiqadigan zararli gazlar miqdori kamaytirilayotgani kuzatilmoqda. Shuningdek, qayta ishlanadigan materiallar – plastik, qog‘oz va metall chiqindilarni saralash tizimini yo‘lga qo‘yish orqali iqtisodiyot uchun qo‘shimcha resurslar yaratilmoqda.
Bunday loyihalar nafaqat iqtisodiy samara berib, yangi ish o‘rinlarini yaratadi, balki ekologik barqarorlikni ta’minlash va tabiatni asrashning uzoq muddatli kafolati hisoblanadi. Ular orqali kelajak avlodlarga toza havo, sof suv va sog‘lom muhit qoldirish imkoniyati yaratiladi.
Yana shuni aytib o‘tish kerakki, O‘zbekistonda jamoatchilik ekologik madaniyatini oshirish va sog‘lom muhitni ta’minlash maqsadida «Tozalik va ozodalik oyligi» keng miqyosda o‘tkazilmoqda. Bu aksiya nafaqat ko‘chalarni tozalash, balki fuqarolar ongida ekologik mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan. Oylik doirasida shahar va qishloqlarda tozalik reydlari, mahallalar o‘rtasida tanlovlar va «yashil hudud» yaratish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Bu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad:
– mahalla, ko‘cha va dam olish joylari tozalikni saqlash;
– atrof-muhit muhofazasi va chiqindilarni kamaytirish;
– jamoaviy faollik va fuqarolik madaniyatini kuchaytirish;
– yoshlarda ekologik tarbiya va mas’uliyat hissini shakllantirish.
Bunday tashabbuslar nafaqat hududlarni go‘zallashtiradi, balki jamiyat ongida «toza muhit – sog‘lom hayot» degan g‘oyani mustahkamlaydi.
Atrof-muhit muhofazasi – bu bir kunlik tadbir yoki yumush emas, balki inson ha yotining ajralmas qismi, uzluksiz jarayon va barcha mizning umumiy burchimizdir. Bu nafaqat ekologik majburiyat, balki har bir fuqaroning tabiat oldidagi ma’naviy mas’uliyati hamdir.
Biz tabiatni kelajak avlodga talafotlarsiz yetkazishga mas’ulmiz. Shuni anglab yeta olsak, har bir ko‘chatni – umid ramzi, har bir suv qatrasini – hayot manbayi sifatida qadrlashni o‘rganamiz. Har bir shamol nafasida, har bir quyosh nurida bizga berilgan ne’matni his qilishimiz kerak.
Agar shunday ong bilan yashasak, chiqindilarni kamaytirishdan tortib, suvni tejashgacha bo‘lgan har bir harakatimiz tabiatga bo‘lgan ehtirom ifodasiga aylanadi. Ana shundagina kelajak avlodlar uchun yashil, sog‘lom va barqaror dunyo qoldira olamiz. Yo‘qsa, ular bizni aslo kechirmaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudining
tergov sudyasi М.O`roqov