Giyohvandlik – umr zavoli

Bugun bashariyat taraqqiyotning yangidan-yangi cho‘qqilarini zabt etayotir. Afsuski, porloq istiqbolga xizmat qiladigan ulkan yutuqlarga erishilishi qatorida, insoniyat kelajagiga tahdid tug‘diruvchi bir qancha omillar hamon saqlanib qolmoqda. Shulardan biri, allaqachon global muammoga aylangan giyohvandlik illatidir.
Tahlilllar ko‘rsatadiki, giyohvandlikka mubtalo bo‘lganlar soni yildan-yilga oshib boryapti. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, hozirgi paytda dunyoda 200 milliondan ortiq (boshqa xalqaro tashkilotlarning bergan ma’lumotlariga ko‘ra esa, 500 milliondan ziyod) kishi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni iste’mol qiladi. Eng yomoni, ularning aksariyat qismi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.
Giyohvandlikning ayanchli va og‘ir oqibatlarini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Ushbu illat oqibatida har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan bevaqt ko‘z yumishi, dunyoda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi gi¬yohvandlar hissasiga to‘g‘ri kelayotgani buning tasdig‘idir.
Darhaqiqat, giyohvandlik jinoyatchilik bilan bevosita bog‘liq holda kechadi. Negaki, narkotiklarni qo‘lga kiritish uchun pul topish maqsadida og‘ir oqibatli jinoyatlar sodir etiladi. Qolaversa, giyohvandlik ta’sirida, sarxush holda tez-tez jinoyatlarga qo‘l uriladi.
Bundan tashqari, giyohvandlik iqtisodiy (katta pul sarflanishi, daromadlarning yo‘qolishi, ishni yo‘qotish, qarzga botish, talonchilik, tilanchilik va boshq.) hamda ma’naviy (oilalarning buzilishi, befarqlik, tushkunlik, norozilik, xudbinlik va boshq.) asoratlarni keltirib chiqaradi.
Yanada achinarlisi, homiladorlik davrida narkotik moddani iste’mol qilgan ayollardan dunyoga kelgan bolalar falaj bo‘lib tug‘iladi yoki odatda hayotining 2–3 kunida nobud bo‘ladi.
Xullas, giyohvandlik odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘diradi, jinoyatlarning o‘sishiga imkon yaratadi, jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid soladi, jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy asoslarini yemiradi. Bu illatga berilganlarning aksariyati 30 yoshgacha ham yashamaydi. Bir so‘z bilan aytganda, giyohvandlik aksariyat hollarda o‘lim bilan yakun topadi.Giyohvandlik vositalarining qonunga xilof ravishda aylanishiga qarshi kurashish borasida mamlakatimiz ichki ishlar organlari tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan yilda respublika bo‘yicha giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan dori vositalari bilan bog‘liq 12278 ta jinoiy holat aniqlandi. Shundan 39 foizi saqlash, 35 foizi o‘tkazish, 16 foizi yetishtirish, 7 foizi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan dori vositalari bilan bog‘liq, 3 foizi esa kontrabanda jinoyatlariga to‘g‘ri keldi. Noqonuniy muomaladan 2 tonna 138 kilogramm 233 gramm giyohvandlik va psixotrop moddalar olib qo‘yildi. Olingan ashyoviy dalillardan 735,8 kilogrami marixuana, 518 kilogrami gashish, 207,1 kilogrami ko‘knor, 155,5 kilogrami opiy, 119,1 kilogrami sintetik, 116,2 kilogrami geroin giyohvandlik vositasidir.
Joriy yilning dastlabki 4 oyi davomida esa giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq 4506 ta jinoyat aniqlandi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga yoki 1133 taga ko‘p. Shu davrda noqonuniy muomaladan 1 tonna 431 kilogramm 611 gramm miqdorida giyohvandlik vositalari olindi. Shu bilan birga, giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani uchun 2649 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ulardan 882 nafari yoki 35 foizi 30 yoshgacha shaxslarni tashkil etadi.
Giyohvandlik – illat, unga qarshi kurashish faqat davlat organlarining emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Bu borada, ayniqsa, oila, mahalla, ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qi¬lish organlarining hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Zero, birgalikdagi, hamjihatlikdagi sa’y-harakatlar orqali mazkur global muammoga qarshi samarali kurash olib borish, aholini, xususan, yoshlarni bu balodan asrash mumkin.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudining
Sudya yordamchisi R.Mamarajabov