Yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish xavfsizlik kafolati

Bugun kundalik hayotimizni avtotransport vositalarisiz tasavvur eta olmaymiz. Shaxsiy avtotransport vositalari soni sezilarli darajada koʻpayib borayotgani ham bor gap. Oʻz navbatida, yoʻllarda avtoulovlar qatnovi koʻpayishi natijasida yoʻl harakati qoidalariga rioya etish talabi oshadi. Bunda haydovchilar madaniyatini yuksaltirish ustuvor vazifalardan biriga aylanadi.
Oʻrganishlar shuni koʻrsatadiki, koʻp hollarda haydovchilar nafaqat piyodalarni, hatto bir-birini hurmat qilmaydi, yoʻl harakati qoidalarini ochiq-oydin mensimaydi. Aksariyat haydovchilar mashinaga oʻtirishi bilanoq xavfsizlik kamarini taqishga odatlanmagan. Ular YPX xodimini koʻrsagina, majburiyat yuzasidan kamarni taqib, «tinchgina» oʻtib olgach, yana yechib qoʻyadi.
Oʻzbekistonga ilk bor kelgan sayyohlar «Yoʻllaringizda namuncha shovqin?» deb ajablanadi. Chunki haydovchilar boʻlar-boʻlmasga signal chalaveradi. Boisi, ularning aksariyatida haydovchilik madaniyati yetishmaydi, boshqa harakat ishtirokchilarini hurmat qilmaydi.
Joriy yilning 9-iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi ushbu yoʻnalishdagi qator kamchiliklarni yuzaga chiqardi.
Yigʻilishda taʼkidlandiki, sohada yechilishi kerak boʻlgan dolzarb masalalar koʻp. Xususan, birinchi navbatda yoʻl-transport hodisalari. Oʻtgan yili 9 ming 364 ta shunday hodisa sodir boʻlgan. Ularda qariyb 9 ming fuqaro jarohat olgan. Eng achinarlisi, 2 ming 203 nafar odam bevaqt dunyodan koʻz yumgan.
— Har toʻrtinchi avariyada bir kishi yoki kuniga oʻrtacha olti kishi vafot etayotgani barchani qattiq tashvishga solishi kerak, -dedi Prezidentimiz.
Maʼlumki, harakat xavfsizligi, avvalo, yoʻllarning holati va qulayligiga bogʻliq. Koʻplab tumanlarda yoʻl infratuzilmasi yaxshilanib, avtohalokatlar ehtimoli kamaytirilgan. Lekin 20 ta hududda yoʻl-transport hodisa-lari soni yuqoriligicha qolmoqda. Shu bois yigʻilishda «Xavfsiz yoʻl» milliy dasturi boshlanishi maʼlum qilindi. Buning uchun «Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda» respublika jamgʻarmasi faoliyati qayta tashkil qilinib, hukumat boʻysunuviga oʻtkaziladi. Shuningdek, har bir viloyatda jamgʻarmaning alohida hisob raqami boʻladi. Jamgʻarma mablagʻlari, birinchi navbatda, avariya oʻchoqlari boʻlgan xavfli joylarni tartibga olishga yoʻnaltiriladi.
Yoʻllarda haydovchilik madaniyatini oshirish ham juda dolzarb masala. Oʻtgan yili qariyb 20 millionta qoʻpol qoidabuzarlik sodir etilgan. Ayrim haydovchilar uchun bu odatga aylangan. Endi bunday ashaddiy qoidabuzarlarga qonun kuchini koʻrsatish maqsadida «Surunkali qoidabuzarlar» dasturi ishga tushiriladi. Qarama-qarshi tomonga harakatlanish, qizil chiroqda oʻtish yoki tezlikni oshirish kabi qoidabuzarliklarni takroran qilganlar uchun bir yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi.
Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan koʻp boʻlsa, olti oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi. Meʼyordan 2-3 karra tez yurganlar haydovchilik huquqidan mahrum qilishgacha jazolanishi mumkin.
Har birimiz, yo haydovchi, yo yoʻlovchi, yoki oddiy piyoda sifatida yoʻl harakati ishtirokchisi hisoblanamiz. Afsuski, yoʻl harakati bilan bogʻliq muammolarga deyarli har kuni duch kelamiz. Shuning uchun piyodalar, ayniqsa, yoshlarning bilim va intizomini oshirish zarur. Ayni shu maqsadda maktab va bogʻchalarda harakat xavfsizligi boʻyicha dasturlar yangilanadi. «Yashil chiroq» musobaqalari qayta tiklanib, respublika gʻoliblariga Prezident sovgʻasi beriladi. Yoʻl harakati qoidalari boʻyicha video va animatsion kontentlar yaratiladi. Muhimi, sohada samarali jamoatchilik nazorati taʼminlanishi nazarda tutilmoqda.
Keyingi paytda haydovchilarga qator yengilliklar joriy etilmoqda. Jumladan, birinchi marta huquqbuzarlik qilganlarni jazolash emas, ogohlantirish yoʻlga qoʻyildi. Yoʻl chiziqlarini bosish holatlarini kamera orqali fiksatsiya qilish bekor qilindi. Jamoat transporti uchun moʻljallangan qatorlarda kechqurun boshqa haydovchilar ham yurishiga ruxsat berildi. Shaharlarda yoʻllarni kunduzi taʼmirlash taqiqlandi. Barcha tumanlarda yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha alohida jamgʻarmalar ham tashkil qilingan.
Endi yoʻllar boʻyicha aholi fikrini oʻrganadigan elektron portal ishga tushiriladi. Odamlar u orqali qayerga belgi, piyoda yoʻlagi va svetofor kerakligi haqida ovoz berishi mumkin boʻladi. Yakunda portalga qilingan ishlarning video va fotolari ham qoʻyiladi, buni aholi baholaydi.
Bu imkoniyatlardan samarali foydalanilib, yoʻllarda harakatni yaxshilab, avtohalokatlarni keskin kamaytirishga zamin yaratiladi, degan umiddamiz.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudining
tergov sudyasi M.O‘roqov