(Buyuk mutafakkir tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlanadi)
Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligini keng nishonlash — bu nafaqat buyuk shoir xotirasiga ehtirom, balki uning bebaho ma’naviy merosini bugungi avlod ongiga chuqur singdirish, milliy o‘zlikni anglash va yuksak ma’naviyatni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Navoiy siymosi asrlar osha o‘zining tafakkur teranligi, so‘z san’ati va insonparvarlik g‘oyalari bilan xalqimiz qalbida yashab kelmoqda.
Alisher Navoiy — shoir, mutafakkir, davlat arbobi va ma’naviyat homiysi sifatida Sharq uyg‘onish davrining eng yuksak namoyandalaridan biridir. U o‘z asarlarida adolat, mehr-oqibat, halollik, ilm-ma’rifat, komil inson tarbiyasi kabi umuminsoniy g‘oyalarni ilgari surdi. “Xamsa” dostonlari, betakror g‘azal va ruboiylari inson qalbining eng nozik kechinmalarini, ezgulik va go‘zallikka intilish tuyg‘ularini tarannum etadi.
Buyuk bobomiz turkiy tilning beqiyos imkoniyatlarini namoyon etib, uni yuksak badiiy til darajasiga ko‘tardi. Shu bois Alisher Navoiy nomi milliy tilimiz, milliy g‘ururimiz va ma’naviy mustaqilligimiz ramziga aylangan. Uning ijodi yoshlarni ilmga, tafakkurga, yuksak axloq va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda bebaho manba bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi kunda mamlakatimizda buyuk ajdodlar merosini asrab-avaylash va targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Xususan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan murojaatnomada ham ma’naviyat va ma’rifat masalalariga alohida e’tibor qaratilib, ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, tarixiy-madaniy qadriyatlarni asrash va ulug‘lash bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Bu yondashuv Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish, uning ijodini keng ommaga, ayniqsa yoshlar o‘rtasida chuqur singdirishga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, bu borada “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy ishlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Partiya tashabbusi bilan hududlarda adabiy uchrashuvlar, ma’naviyat soatlari, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar va targ‘ibot tadbirlari muntazam tashkil etilmoqda. Yoshlar o‘rtasida Navoiy ijodiga bag‘ishlangan tanlovlar, badiiy kechalar, she’rxonlik va mutolaa loyihalari yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, partiyaning Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan o‘quvchilar va yoshlar o‘rtasida muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Navoiy vorislari” tanlovi bu boradagi ibratli tashabbuslardan biridir. Mazkur tanlov yoshlarning Alisher Navoiy asarlarini chuqur o‘rganishi, ularning mazmun-mohiyatini anglab yetishi, ifodali o‘qish, tahlil qilish va ijodiy yondashuv ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu kabi tanlovlar yoshlar qalbida buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lish mas’uliyatini shakllantiradi.
Shuningdek, partiya vakillari tomonidan Navoiy ijodidagi insonparvarlik, adolat, ma’rifatparvarlik va yuksak axloqiy fazilatlar bugungi hayot bilan uyg‘un holda tushuntirilmoqda. Bu esa buyuk mutafakkir merosining zamonaviy jamiyat hayotida ham o‘z dolzarbligini saqlab qolayotganini yaqqol namoyon etadi.
Alisher Navoiy merosini chuqur o‘rganish — bu milliy o‘zligimizni anglash, tarixiy ildizlarimizni mustahkamlash va ma’naviy yuksalish sari dadil qadam tashlash demakdir. Buyuk mutafakkir tavalludining 585 yilligi doirasida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar xalqimizni ezgulikka, birlikka, bilim va tafakkur sari ruhlantiradi.
Alisher Navoiy nomi va ijodi asrlar osha yashaydi, uning ma’naviy merosi esa har bir avlod uchun ibrat, saboq va ilhom manbai bo‘lib qolaveradi.
Ulug‘bek Xo‘jaqulov
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Surxondaryo viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari