Baxtli ayol qanday bo‘ladi?

Biz – ayollar bu dunyoga nima uchun kelganmiz? Albatta, ayol bo‘lish uchun, ayollik sifatlarimizni o‘stirish uchun! Ayol bo‘lish degani o‘zi nima? Ayol bo‘lish-bu shunchaki turmushga chiqish emas, haqiqiy turmush o‘rtog‘i bo‘lishdir. Bizning hayolimizda oddiy uy bekasi yoki kelin, bir necha farzandning onasi gavdalanadi. Yaxshi turmush o‘rtog‘I bo‘lish – bir paytning o‘zida bir necha kasblarning egasi bo‘lishdir.

Ayolning vazifalari:

1. Moliyaviy hayotning menejeri: Oila azolarining qiziqishlariga qarab vazifalarni taqsimlash, har bir insonga ishonch bilan yumushlarni topshirish va ularni nazorat qilib turish-bu ayolning menejerlik vazifasiga kiradi.

2. Mohir oshpaz: Busiz uyda iliq munosabat o‘rnatish mumkin emas. Er uyga kelsa, uyda taom yo‘q bo‘lsa, albatta, g‘azabi qaynashi tabiiy. Har kuni bir xil taom ham, garchi u juda shirin bo‘lsa ham, odamning me`dasiga tegadi. Bir xil ovqatni qayta-qayta yeyish hech kimga yoqmaydi. Ovqatning bemazaligi ham erkakning hafsalasini pir qiladi. Bundan tashqari ovqatning mehr bilan tayyorlanishi ham juda muhim. Nega butun dunyoda onalarning ovqati sodda retseptlar asosida tayyorlangan bo‘lsa ham, har doim sevimli? Chunki onalar ovqatlariga mehrlarini ham qo‘shadilar. Aslida ovqatni shirin qilgan narsa – onalarning betakror va chegarasiz mehrlaridir. Biz ovqat yeganimizda uni tayyorlagan insonning fikrini “yeymiz”. Taom qanday o‘y-fikrlar bilan yaratilgan bo‘lsa, uni yegan insonda ham xuddi shu o‘y-fikrlar paydo bo‘ladi. Xalqimizda hattoki ovqat yeyish paytida yomon fikrlar aytish taqiqlanadi. Ovqat ustida janjal bo‘lsa, erkak shu zahoti bejizga: “ovqatni zahar qilding”,-demaydi. Bunday ovqat haqiqatdan ham zaharga aylangan bo‘ladi, yegan insonning sog‘lig‘iga putur yetkazadi. Kimgadir yomonlik, kasallik, baxtsizlik, o‘lim tilagan holda ovqat qilib, bir ayolning shu ovqatni yegan farzandlari o‘lib qolgani ham hayotiy voqeadir. Demakki, har bir taom o‘zida ma`lum bir axborotni, ya`ni shu taomni tayyorlash jarayonidagi insonning o‘y-fikrlarini saqlaydi. Ana endi siz tushunib yetdingiz: nega ko‘chada har kuni somsa pishirib, bu ishdan zerikib ketgan oshpazning somsasini yeganingizdan keyin oshqozoningizda sanchiq turishini! Haqiqiy ayol o‘zi tayyorlagan taomiga bor mehrini qo‘shgan holda tayyorlaydiki, bu taomni yegan har qanday inson o‘zini yengil his qiladi, ta`mning betakrorligidan zavqlanadi.

Qo‘shiqchi va ertakchi: har bir bola qiziq-qiziq ertaklarni, hikoyalarni eshitishni istaydi. Ertak eshitmasdan uyquga ketmaydigan bolalar ham bor. Afsuski, hozirgi paytda ertaklarni multifilmlarga almashtiryapmiz. Ertak eshitgan bolaning tasavvurlari kengayadi. Bolalar shunchalik boy tasavvurga egaki, ular eng kichik detallargacha tasavvur qila olishadi. Multifilm ko‘rganda esa tasavvurlar ishlamaydi. Olimlar shunday tajriba o‘tqazishgan: bolaning miyasiga har xil apparatlarni ulashganda ertak eshitayotganda miyada impulslar hosil bo‘lgan, multifilm yoki kino ko‘rayotganda esa miyada hech qanday reaksiya kuzatilmagan. Boy tasavvurga ega bolagina hayotiga yaxshi narsalarni tez tortib ola oladi. Shuning uchun ham oqila ayol bolalariga ertak aytib berishdan erinmaydi. Bolaning hayotida alla katta rol o‘ynashini bilamiz. Onaning mehrga to‘la, yoqimli, shirali ovozi ohangida bola miriqib orom oladi. Xulosa: Xulosa qilib aytsak yuqorida ko‘rsatilgan barcha kasblarga, hislatlarga ega ayol qizlarimiz hayotda, oilasida o‘z o‘rinlarini topa olishadi. Oilada suyukli rafiqa, sevimli kelin, mehribon ona bo‘la oladi. Shunday ekan qizlarimiz turmush qurishdan oldin ushbu kasblarni mukammal o‘rganishlarini maslahat bergan bo‘lardim.

Gulbahor Xo‘jamqulova,

«Besh qahramon» mahalla fuqarolar yig‘ini otinoyisi, targ‘ibotchi