Maktabda o‘qib yurgan o‘quvchilik vaqtlarimda sinf rahbarimiz o‘qib mutolaa qilishimiz uchun bergan gazetada chop etilgan maqolalarni sinchkovlik, qiziqish bilan o‘qir edik. Rasmi,maqolasi chop etilgan insonlarga havas qilganmiz. 2009 yilda birinchi she`rim chop etilgan. Chamasi bir oylar she`rim chop etilgan gazetani ardoqlab,asraganman. Talabalik yillarimizning to‘rt yilini tahririyatda hamda televideniyada amaliyot o‘tadik. Shundagina bitta maqola tayyorlashning yoxud efirga bitta ko‘rsatuv, lavha olib chiqishning qanchalik mashaqqatli ekanini qalban his qilganman. 2016 yildan esa tahririyatga ishga kirganman. O‘shandan buyon hayotim matbuot bilan bog‘liq, ya’ni nasibam shu sohadan. Lekin aytmoqchi bo‘lgan mulohazalarim «hamma o‘zi bilgan qo‘shiqni kuylaydi »-,degan iboradan ancha yiroq.
Hayotimiz mobaynida juda ko‘p mo‘jizalar yaratilgan, lekin ular tasodifiy emas, xalqning ehtiyoji, iqtidorning zakovati tufayli yuzaga keladi. Muhimi, hayotimizning bir bo‘lagiga aylanadi. Va bu mo‘jizalar eskirganini, yo‘qolganini hayotiy tajribamda ko‘rmaganman. Aytaylik, kitob, elektr chirog‘i, radio, televideniye, telefon. Gazeta ham shularning ichida. Garchi ko‘rinishi, shakli o‘zgargani bilan ularning mohiyati, ahamiyati yo‘qolgan emas. Binobarin, ularni yo‘qotishga urinish ham nodonlik bilan barobar. Ijtimoiy tarmoqlarda “Majburiy obuna” deb bong urayotganlar barchani o‘z qarichlari bilan o`lchamasliklari darkor. Majburiy obuna haqida ko‘p gapirildi. Ba’zan o‘ylanib qolaman. O‘qituvchilarning malaka oshirishlari, ayrim kasb egalarini qayta tayyorlash, seminarlar o‘tkazish ixtiyoriy tarzda bo‘lyaptimi? Unda nega biz odamlarni, uyushmagan aholining ma’naviyatini oshirish uchun qilayotgan sa’y-harakatimizni majburiy deb baholashimiz kerak?
Bosma nashrlarning o‘zining fidoyi, jonkuyar mushtariylari bor. Bugungi kunda turmushimizning bir bo‘lagiga aylanib qolgan internet tarmoqlaridagi xabarlarning barchasi ham haqiqat bo‘lib chiqmaydi. Aksariyat saytlar, kanallar obunachilarini ko‘paytirish uchungina yolg‘on, oldi-qochdi xabarlarni chiqarishadi. Chuqur bilimga ega bo‘lgan foydalanuvchi albatta bularning farqiga boradi. Bosma nashrlarda chop etilayotgan har bir xabar, maqola asoslanib, dalillar bilan yoziladi. Ba`zi paytlarda o‘ylab qolaman, tarmoqdagi kanallardagi foydalanuvchilarni o‘zlaridan bloger yasab olganlar hayotga qanday ko‘z bilan qarashga o‘rgatishmoqda? Ko‘plab tarmoqdagi kanallarda chiqayotgan ma`lumotlarda imloviy xatolar ko‘pligini kuzatamiz? Bosma nashrlar mushtariylarga mazmunli maqolalar hamda imloviy savodxonligini oshirish uchun ham xizmat qiladi. Tahririyatga ish vaqtimiz davomida turli kasb egalari kelishadi. Ba`zilari uy bekalari, maktab o‘quvchilari. Yozgan she`rlari, maqolalarini taqdim etishadi. Hatto, ko‘plab mushtariylarimiz chop etayotgan maqolalarimiz haqida o‘zlarining minnatdorlik dil izhorlarini aytishadi. Tug‘ulgan kunim kechki vaqt telefonimga notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Go‘shakni ko‘tardim. Salomlashdik. Yoshi ulug‘ nuroniy ekan. Tuman markazidan biroz uzoqda bo‘lgan mahallaning fuqarosi ekanini aytdi. Mahallamizdagi barcha fuqarolar nomidan Sizni bugungi tavallud kuningiz bilan tabriklaymiz dedi. Biz Siz yozgan maqolalarni, tumanimizga oid chiqargan yangiliklarni qoldirmasdan gazetada o‘qib boramiz,-deb ta`kidladi. Bexosdan ko‘zlarimga yosh keldi. Shuncha yillik mehnatim, izlanishlarim besamar ketmaganligi uchun. Tanimagan, hatto uchrashmagan mushtariydan bu so‘zlarni eshitish, tug‘ulgan kunimni bilishi, hatto telefon raqamimni topgani taqdirimning haqiqiy tuhfasi bo‘ldi. Faoliyatim haqida ko‘plab fuqarolardan ijobiy gaplarni eshitaman. Hatto chop etgan maqolalarimizni muhokama qilib, fikr bildirishlarini aytishadi. Demak gazetamiz o‘z vaqtida doimiy mushtariylarimizga yetkazilmoqda ekan. Gazetamiz tezkor, o‘z vaqtida obunachilarimizga yetib borishi uchun tahririyatdan to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazishni yo‘lga qo‘yganmiz. Ba`zilar aytishadi gazetani yoshi katta nuroniylar o‘qishadi faqat deb. Men bu fikrdan ancha yiroqman.
Gazetani bugungi kunda ko‘plab yoshlar ham o‘qib mutolaa qilishmoqda. Hattoki, viloyatimizdan, boshqa tumanlardan obunachilarimiz ko‘paymoqda.
Lekin biz ma’naviyatimizdagi qaysidir vositani almashtirmoqchi bo‘lganimizda, nimanidir o‘zgartirmoqchi bo‘lganimizda uning o‘rniga topgan narsamiz bizning ehtiyojlarimizni qondira oladimi, degan savolga ham javob topishimiz kerak.
Gazeta hech narsaga, hech qachon raqobatchi bo‘lmagan: televideniyega ham, telefonga ham, internetga ham. Chunki uning vazifasini boshqa hech qaysi axborot vositasi bajara olmaydi.
Rayhon
MENGZIYAYEVA,
Ozbekiston jurnalistlari uyushmasi a`zosi