Xavfsiz va tinchliksevar davlat

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasida jami 100 ta maqsad, 369 ta chora-tadbir, 190 ta vazifa, 306 ta maqsadli ko‘rsatkich bajarilishi va bu borada 118 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu dasturilamal hujjatning ijrosidan yurtimizdagi har bir insonga – qulay imkoniyat, muayyan yengilliklar, moddiy va ma’naviy manfaat yetib, har qaysi oila va xonadon obodlik, to‘kinlik, fayz va baraka topadi.

– Shu yirik umumlashma raqamlarni, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari negizida tahlil qiladigan bo‘lsak, strategiyadagi jami 100 ta maqsad quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha taqsimlangan:

Birinchi ustuvor yo‘nalish: har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan 44 ta maqsad, ya’ni 1-maqsaddan – 44-maqsadgacha ushbu ustuvor yo‘nalish tarkibiga kiradi. Bunda ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, yoshlar siyosati, ma’naviyat masalalariga taalluqli 156 ta amaliy chora-tadbir va 70 ta vazifa qamrab olingan bo‘lib, 130 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish belgilangan. Shuningdek, 38 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash va qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi ustuvor yo‘nalish: Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash bilan bog‘liq 17 ta maqsad (45-61-maqsadlar) doirasidagi 68 ta amaliy chora-tadbir va 55 ta vazifani qamrab olgan. Mazkur ustuvor yo‘nalishda YaIM, byudjet, sanoat, investitsiya, bank, “yashil iqtisodiyot”, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, eksport, monopoliyalar, IT, turizm, xizmatlar, infratuzilma, uy-joy masalalariga oid 75 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 29 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash belgilangan.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish: Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan 12 ta maqsad (62-73-maqsadlar) ushbu ustuvor yo‘nalish tarkibiga kiradi. Bunda 31 ta amaliy chora-tadbir va 21 ta vazifa qamrab olingan bo‘lib, 39 ta maqsadli ko‘rsatkich ishlab chiqiladi hamda 15 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari tayyorlanadi.

To‘rtinchi ustuvor yo‘nalish: 16 ta maqsad (74-89-maqsadlar) doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish borasida belgilab berilgan 51 ta amaliy chora-tadbir va 21 ta vazifani o‘zida qamraydi. Bunda mahalla, mahalliy davlat organlari, vakillik organlari, davlat xizmati, fuqarolik jamiyati institutlari, sud-huquq, inson huquqlari, advokatura, korrupsiya masalalariga oid 41 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 25 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash nazarda tutilgan.

Beshinchi ustuvor yo‘nalish: “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirishga qaratilgan 11 ta maqsad (90-100-maqsadlar) doirasida 63 ta chora-tadbir va 23 ta vazifa bajariladi. Xususan, tashqi siyosat, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik, xorijdagi vatandoshlar, mehnat migratsiyasi, Qurolli kuchlar, favqulodda vaziyatlar, millatlararo totuvlik masalalariga aloqador 21 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 11 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash talab etiladi.

Strategiya doirasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, yoshlarga oid davlat siyosati va sportni ommalashtirish, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshiriladigan barcha islohotlarda inson, insonning qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi.

                                                       Qurbon Chorshanbiyev,

Xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tuman Kengashi kotibiyat mudiri