O‘QITUVCHINING QUVONCHLIMUKOFOTI

Tumanimizdagi 11-Bolalar musiqa va san`at maktabining qashqar rubobi sinfi o‘qituvchisi Izzatullo Rahimov 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Madaniyat va san`at fidokori” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.

Mukofotlash tantanasi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida o‘tkazilib, bir guruh madaniyat va san`at xodimlari qizg‘in taqdirlandi. Bu quvonchli jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbkek Nazarbekov qatnashib, tumandoshimiz I. Rahimovga mukofotni mamnuniyat bilan topshirdi.

Qizim mening faxrim

Sportning  basketbol  turi bo‘yicha o‘smir qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati g‘olibi bo‘lib farzandimga bo‘lgan ishonchim besamar emasligini  yana bir bor isbotladi.

Basketbol bo‘yicha  2009 – 2010 yillarda tug‘ilgan  o‘smir qizlar o‘rtasida  O‘zbekiston chempionatida  Surxondaryo jamoasi a`zosi bo‘lib ishtirok etgan Jumayeva Mohinur haqida yozmoqdamiz. 

Darhaqiqat, Mohinur  5-sinfda o‘qiyotgan vaqtda o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qumqo‘rg‘on tumanidagi basketbol to‘garagiga qatnay boshlagan. Ustozi Nilufar Boboyeva  rahbarligidagi mashg‘ulotlarda mahoratini, tajribasini oshirib bordi. Intilish, tinimsiz mashqlar samarasi o‘laroq, uning jamoasi  tuman, viloyat musobaqalarida ko‘p bor g‘olib chiqdi.

Mohinur  tumandagi 2-umumta`lim maktabida tahsil olib kelmoqda. Basketboldan  tajribali ustozi Nilufar Boboyeva ko‘magida mashg‘ulotlarda astoydil qatnashdi, basketbolning texnikasi, nozik jihatlarini puxta o‘rgandi. Ko‘p o‘tmasdan u Surxondaryo jamoasi a`zoligiga qabul qilindi.

Doimiy ravishda mahoratini oshirib bordi, mehnatsevarligi, tirishqoqligi, o‘ziga bo‘lgan ishonchning kuchliligi tufayli yuksak cho‘qqilarni zabt etib, nimalarga qodir ekanligini amalda ko‘rsatdi.

Ha, Mohinur  o‘qituvchilar  oilasida tug‘ilib o‘sgan oddiy o‘zbek qizi. Dadasi Quvnarov Muzaffar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi. Ko‘plab shogirdlarga ta`lim berdi. Onasi Xudoyqulova Yulduz tarix fanidan o‘quvchilarga saboq berib kelmoqda. Mohinurni ota-onasi oq yuvib, oq tarab katta qildi. Qizining yuqori natijalar ko‘rsatishi uchun zarur barcha sharoitlarni yaratib berdi. Bobosi Xudoyqulov Ravshan 45 yil o‘qituvchilik kasbida faoliyat yuritgan. Nabirasining yutug‘idan shod.

Bugun ushbu oilada voyaga yetgan Mohinur bilan nafaqat yaqinlari, jamoasi , butun tuman  ahli haqli ravishda faxrlanadi.

Yaratib berilgan sharoitlar, rag‘bat tufayli ham qizim , qolaversa, u kabi juda ko‘p yoshlar yuksak natijalarga erishmoqda. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdorman, – deydi onasi Yulduz Xudoyqulova.

      Rayhon Mengziyayeva