Har yili 15-fevraldan 15-martga qadar O‘zbekistonda “Kontrafaktsiz oy” tadbiri o‘tkaziladi. Ushbu chora-tadbir intellektual mulk huquqlarini himoya qilish, kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish va aholining huquqiy ongini oshirishga qaratilgan.
Kontrafakt mahsulotlar – iqtisodiyot va sog‘liqqa xavf tug‘diradi. Kontrafakt – bu huquq egasining tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarini buzish hisoblanib, isteʼmolchini adashtirish darajasida o‘xshash belgidan (aynan o‘xshash) yoki dizayndan foydalanishdir. Kontrafakt barcha mahsulotlar orasida mavjud.
O‘zbekistonda kontrafakt mahsulotlarga samarali kurashish borasida bir qator huquqiy mexanizmlar joriy qilingan bo‘lib, jumladan:
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Intellektual mulk elektron davlat xizmatlari portal orqali brend egalari tovar belgilarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi mumkin. Bu esa ularga o‘z brendlarini himoya qilish huquqini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash vа sotish holatlari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni fosh etish va ularga chek qo‘yish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar bo‘yicha aniqlangan qalbaki vа kontrafakt holatlar hamda markirovkalash qoidalari buzilganligi yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘radi.
Bojxona nazorati – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi tomonidan kontrafakt matrsulotlarni respublika hududiga olib kirish hamda ularning aylanmasi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshiriladi.
Ma’muriy va jinoiy javobgarlik – kontrafakt tovar ishlab chiqarish va tarqatish O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, moliyaviy jarimalar va hatto jinoiy jazoga sabab bo‘lishi mumkin.
“Kontrafaktsiz oy” doirasida tadbirkorlik subyektlari va mualliflik huquqi subyektlarining huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida seminarlar tashkil qilinib, iste’molchilarni xabardor qilish maqsadida radio, televidenie va internet tarmog‘i orqali kontrafakt mahsulotlarning zarari haqida targ‘ibot ishlari, nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda “Kontrafaktsiz oy” tadbiri o‘tkazilishi orqali minglab kontrafakt mahsulotlar aniqlanib, muomaladan chiqarilmoqda. Bu nafaqat tadbirkorlarning huquqlarini himoya qiladi, balki iste’molchilarni sifatsiz va xavfli mahsulotlardan asrashga yordam beradi.
Brendlarni himoya qilish va kontrafaksiyaga qarshi kurashishda fuqarolar ham faol ishtirok etishi kerak. Agar siz shubhali mahsulotlarga duch kelsangiz, tegishli organlarga xabar berish orqali ularning tarqalishiga qarshi turishingiz mumkin.
Intellektual mulk huquqlarini hurmat qilish – tadbirkorlik rivoji va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda muhim omildir. Shu bois, har bir fuqaro va tadbirkor kontrafaktga qarshi kurashishda o‘z hissasini qo‘shishi lozim.
Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi Intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bosh maslahatchisi Sayyorda Yuldasheva