Bugungi kunda giyohvandlik butun dunyo miqyosida inson salomatligi, jamiyat xavfsizligi va kelajak avlod uchun jiddiy tahdidga aylanmoqda. Shu bois mamlakatimizda ham giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, ayniqsa, yoshlarni ushbu illatdan asrashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi 1961, 1971 va 1988-yillarda qabul qilingan giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgan. 1999-yilda esa «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2024-yil 6-maydagi tegishli farmoni bilan 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish milliy strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari aholida, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarda giyohvandlikka qarshi qat’iy immunitetni shakllantirish, ta’lim muassasalarida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, narkologik yordam va reabilitatsiya tizimini takomillashtirish, shuningdek, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga, jumladan, internet orqali tarqatilishiga chek qo‘yishdan iborat.
Bundan tashqari, tibbiyot muassasalari va dorixonalarda tegishli dori vositalarining muomalasi ustidan nazoratni kuchaytirish, sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish ham ustuvor vazifalar etib belgilangan.
Mamlakatimizda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bu borada izchil ishlar olib borilmoqda. Keltirilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada o‘tgan yili giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq 12 278 ta jinoyat aniqlanib, noqonuniy muomaladan 2 tonna 138 kilogrammdan ortiq moddalar olib qo‘yilgan.
Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida esa bu turdagi 4 506 ta jinoyat fosh etilgan. Noqonuniy muomaladan 1 tonna 431 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari musodara qilingan. Mazkur jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinib, 2 649 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ularning 882 nafari, ya’ni 35 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tashkil etadi.
Ushbu raqamlar giyohvandlikka qarshi kurashish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Zero, giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Bunda oila, mahalla, ta’lim muassasalari va keng jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Har birimiz yoshlar tarbiyasiga befarq bo‘lmasligimiz, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirishimiz va zararli illatlardan asrashga hissa qo‘shishimiz lozim. Zero, sog‘lom avlod — yurt kelajagi, jamiyat taraqqiyoti va xalq farovonligining mustahkam poydevoridir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumani sudi raisi
B. Tagayev