Giyohvandlik kontrabandasi — og‘ir jinoyat

Giyohvandlik vositalarini bojxona nazoratini chetlab o‘tib yoki undan yashirgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish kontrabanda jinoyati hisoblanadi. Bunday qilmish ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lgan jinoyatlardan biri bo‘lib, uni sodir etgan shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan jazo muqarrar qo‘llaniladi.

Muayyan jinoyat ishi tafsilotlariga to‘xtalishdan oldin, «asr vabosi» nomini olgan ushbu illatning ayanchli oqibatlarini yana bir bor eslash o‘rinlidir. Zero, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar noqonuniy muomalasi insoniyatni tanazzulga yetaklaydi. Chegara va millat tanlamaydigan bu ofat jamiyatdagi kriminogen vaziyatga, shuningdek, uning iqtisodiy va ma’naviy asoslariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aksariyat hollarda uyushgan jinoyatchilik bilan bog‘liq holda sodir etilishi esa bunday qilmishlarning ijtimoiy xavfliligini yanada oshiradi.

Qumqo‘rg‘onlik A.B. (ism-sharifi o‘zgartirilgan) yuk avtomashinasini boshqarib, xalqaro qatnovlarda ishlay boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan edi. U O‘zbekistondan Tojikistonga yoki aksincha, Tojikistondan yurtimizga yuk avtomashinalarini olib kelish bilan shug‘ullanib kelgan.

Joriy yilning 17-iyun kuni A.B. yuk avtomashinasini boshqarib, Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahriga boradi. U yerda tergov davomida shaxsi aniqlanmagan sherigi bilan uchrashib, 8 million so‘m evaziga 250 gramm «gashish» giyohvandlik vositasini sotib oladi. Shundan so‘ng, giyohvandlik vositasining bir qismini o‘zi boshqarayotgan yuk avtomashinasining salonidagi gofraning ichki qismiga, qolgan qismini esa yo‘lovchi o‘rindig‘i tepasidagi qo‘lqop qutisi ostiga yashiradi.

18-iyun kuni soat 05:00 larda A.B. yuk avtomashinasini boshqarib, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun chegara bojxona postiga keladi. Avtomashina belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, jami 12 dona skoch bilan o‘ralgan, to‘q jigarrang tusli va o‘tkir hidli, dastlabki ko‘rinishiga ko‘ra, «gashish» giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddalar aniqlanadi. Mazkur holat tegishli tartibda hujjatlashtirilib, A.B.ning giyohvandlik vositalarini O‘zbekiston hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirishga uringani yuzasidan jinoyat ishi doirasida ish olib boriladi.

Albatta, har qanday jinoyat qonuniy bahosini olishi va aybdor shaxs sodir etgan qilmishi uchun javob berishi shart. Sud majlisida A.B.ning aybi uning o‘z qilmishiga to‘liq iqror bo‘lib bergan ko‘rsatmalari hamda jinoyat ishidagi boshqa dalillar, jumladan, tegishli ekspertiza xulosalari bilan o‘z tasdig‘ini topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, A.B.ga 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, giyohvandlik — jamiyat taraqqiyoti va insonlar kelajagiga tahdid soluvchi og‘ir illatdir. Unga qarshi kurashish nafaqat davlat organlari, balki butun jamiyatning vazifasidir. Ayniqsa, oila, mahalla, ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali ushbu global muammoga qarshi samarali kurashish, aholini, xususan, yoshlarni giyohvandlik balosidan asrash mumkin.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi raisi B. Tagayev