Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotiga, qonun ustuvorligiga va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy xavf tug‘diruvchi illatlardan biridir. U adolatsizlik, tengsizlik va fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lib, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Korrupsiyaning oldini olish, avvalo, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishdan boshlanadi. Ayniqsa, yosh avlodga poraxo‘rlik, tamagirlik va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish nafaqat huquqbuzarlik, balki jamiyat va davlat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi illat ekanini tushuntirish muhimdir.
Korrupsiyaga qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bunda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va har bir fuqaroning mas’uliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Jamoatchilik nazoratining kuchayishi, qonunlarning qat’iy va bir xil qo‘llanilishi korrupsiyaning oldini olishning muhim vositalaridan biridir.
Korrupsiya iqtisodiy rivojlanishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi, manfaatlar to‘qnashuvi, noqonuniy boyish va poraxo‘rlik natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetadi. Shu sababli halollik, adolat va qonuniylik tamoyillarini kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishimiz lozim.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi va qonun ustuvorligiga tahdid soluvchi xavfli illatdir. Unga qarshi kurashish barchamizning umumiy vazifamizdir. Har bir fuqaro qonunga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirsagina, adolatli va farovon jamiyat barpo etish mumkin.
Surxondaryo viloyat sudi
sudya katta yordamchisi S.Jalilov