Jazodan ozod qilish jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan jinoiy-huquqiy ta’sir choralarini insonparvarlik va adolat tamoyillari asosida yengillashtirish yoki bekor qilishga qaratilgan huquqiy institutdir. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 69–76-moddalarida jazodan ozod qilishning bir qator turlari belgilangan.
Jazodan ozod qilishning asosiy turlari
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, jazodan ozod qilishning asosiy turlariga jazoni ijro etish muddati o‘tib ketganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish, shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi munosabati bilan jazodan ozod qilish, aybdorning o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lishi munosabati bilan jazodan ozod qilish, shartli hukm qilish, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish hamda amnistiya yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish kiradi.
Jinoyat kodeksining 69-moddasiga ko‘ra, hukm qonuniy kuchga kirganidan keyin qonunda belgilangan muddatlar davomida ijro etilmagan bo‘lsa, mahkum jazodan ozod qilinishi mumkin. Ushbu muddat jinoyat uchun tayinlangan jazoning og‘irligiga qarab belgilanadi.
70-modda shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi bilan bog‘liq. Agar shaxs sud muhokamasiga qadar sharoitning o‘zgarishi yoki namunali xulqi, mehnatga yoki o‘qishga halol munosabati natijasida ijtimoiy xavfliligini yo‘qotgan bo‘lsa, sud uni jazodan ozod qilishi mumkin.
71-modda amalda pushaymon bo‘lish asosida jazodan ozod qilishni nazarda tutadi. Bunda jinoyatni birinchi marta sodir etish, aybini tan olish, jinoyatni ochishga faol yordam berish va yetkazilgan zararni bartaraf etish kabi holatlar muhim ahamiyatga ega.
72-modda bo‘yicha shartli hukm qo‘llanilganda, sud shaxsni tayinlangan jazoni amalda o‘tamasdan turib ham tuzatish mumkin, degan xulosaga keladi. Bunda shaxsga sinov muddati belgilanadi va muayyan majburiyatlar yuklatilishi mumkin.
73-modda jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni belgilaydi. Buning uchun mahkum jazo o‘tash tartib-qoidalariga rioya qilishi, mehnatga halol munosabatda bo‘lishi va jinoyatning og‘irligiga qarab jazoning belgilangan qismini haqiqatda o‘tab bo‘lgan bo‘lishi kerak.
74-modda muvofiq, ayrim hollarda jazoning o‘talmagan qismi yengilroq jazo bilan almashtirilishi mumkin. Bu institut mahkumning xulqi va jazo o‘tash tartibiga rioya qilishi bilan bog‘liq.
75-modda kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilishni nazarda tutadi. Xususan, jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasallikka chalingan shaxs qonunda belgilangan tartibda jazoni o‘tashdan ozod qilinishi mumkin.
76-modda ga ko‘ra, amnistiya akti yoki afv etish asosida mahkum asosiy va ijro etilmagan qo‘shimcha jazolardan ozod qilinishi, muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilishi yoki jazoning o‘talmagan qismi yengilroq jazo bilan almashtirilishi mumkin.Jazodan ozod qilish instituti jinoyat-huquqiy siyosatning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, jazoning maqsadlariga erishish, mahkumni tuzatish va jamiyatga qayta moslashtirishga xizmat qiladi. Bunda sud shaxsning xulqi, jinoyatning xususiyati va og‘irligi, yetkazilgan zararning qoplanishi hamda boshqa muhim holatlarni hisobga oladi. Shu sababli jazodan ozod qilish institutlari odil sudlov va insonparvarlik tamoyillarini ta’minlashning muhim vositasi hisoblanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi raisi
B.Tagayev