«Tushda kechgan umrlar» asari tahlili

Oʻzbek adabiyotida inson qalbi va jamiyat ruhiyatini oʻzizga xos tarzda tahlil qilgan yozuvchilar orasida Oʻtkir Hoshimov alohida oʻrin egallaydi.
Uning har bir asari oʻz davrining oʻtkir ijtimoiy muammolarini koʻtarib chiqadi. Ayni paytda insoniylik, vijdon, mehr, yurakdagi dard haqida teran falsafiy mushohadalarga boy boʻladi. Ana shunday asarlardan biri – » Tushda. Kechgan umrlar» dir. Bu asar nafaqat oʻzbek xalqining muayyan davrdagi ruhiy holatini, balki insoniyatning unutilgan ammo, yurakda hanuz tirik boʻlgan iztiroblarini yodga soladi. Asarni oʻqiyotgan har bir inson oʻz hayolida asar voqealarini gavdalantiradi. Oʻzi ham xuddi shu muhitga tushib qolganday mutolaa qilishi asarning mukammal yozilganining isbotidir.
Yozuvchimiz Said Ahmad » Tushda kechgan umrlar» asariga quyidagicha taʼrif beradi.
«Romanni loqayd hayajonsiz oʻqib boʻlmaydi, u kitobxonni larzaga soladi. Xalq boshiga kulfatdan boshqani solmagan qonli urushni boshlagan telba urushqoqlarga dil – dilidan qargʻish yogʻdiradi.»
Haqiqatan ham bu urush koʻp insonlarning boshiga yetdi.
Asosiy qism:
Inson umrini oqar daryo deymiz. Kechagi kunimiz bir tushday oʻtib ketdi. Bugun esa hayotimizning yangi bir sahifasi ochildi.
Shu sababli yozuvchi asarni » Tushda kechgan umrlar» deb nomlagan boʻlsa kerak.
Asar voqealari markazida turgan qahramonlar: Rustam, uning otasi, Komissar, Soat Gʻaniyev, Qurbonoy xolalarning hayoti xuddi tushdagidek ma’nisiz va algʻov – dalgʻov oʻtdi.
Muallif romanda retrospeksiya usulidan – zamondan ortga qaytish imkoniyatlaridan keng foydalangan. Bunga misol qilib asar bosh qahramoni Rustamning oxirgi kundaligidan boshlanadi va Qurbonoy xolaning har kungi tashvishlariga ulanib ketadi. Asar voqealari shu tarzda personajlarga bogʻlanib ketadi.
Personaj – (Lot. persona – shaxs ) san’at va badiiy adabiyotda muallif tomonidan tasvir etilgan shaxs.
Ushbu asarda Afgʻon urushiga borgan Rustam va U singari insonlarning ayanchli taqdiridan hikoya qiladi. Zulm va nohaqliklar qilgan Komissar Soat Gʻaniyev va shu kabilar koʻplab insonlarning hayotiga nuqta qoʻydi. Yosh goʻdaklarni vahshiylarcha ota – onasidan ayirdi. Qurbonoy xolaning ota – onasi Toʻlagan va Fotima kabilarning hayotdan erta koʻz yumishi Komissar va shunga oʻxshagan adolatsiz insonlar sabablidir. Rustam Afgʻon urushi xotiralaridan qutula olmadi.U oʻzi sevgan qiz Shahnozaga uylangan boʻlsa ham, bir – birini sevsa ham ular baxtli boʻlisha olmadi. Bu baxtsizlikning asosiy sababi urushning salbiy taʼsiri edi. Urush natijasida uning sogʻligida muammo bor edi. Qolaversa urushdan uyga qaytganda koʻrgan adolatsizliklarga guvoh boʻlishi, Shahnozaning baxtsizligiga oʻzini aybdor qilishi uning fojiali oʻlimiga sabab boʻldi.
Har bir kitobxon ushbu asarni oʻqiganda inson umrini adolatsizligi bilan nihoyasiga yetkazgan Komissar Soat Gʻaniyevga nisbatan nafrat alangasi uygʻonadi. U mahalladoshi Toʻlagan va Husanlarning nohaq jazolanishiga sabab boʻlgan. Toʻlaganning ayoli oʻz joniga qasd qilishi uchun Komissarning chirkin nafsi sabab boʻlgan.
Ushbu asar nafaqat xotira, balki saboq. Hozirgi yoshlar bu asarni oʻqib hech bir narsaga osonlikcha erishilmaganini tushunadilar. Ochlik, urush , adolatsizlik, jamiyatda inson qadrining yoʻqolishi – bu saboqlar asarda badiiy vosita bilan yurakka yetkazildi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsam, » Tushda kechgan umrlar» – bu yurakka bitilgan dardli xotiralar xazinasi. Oʻtkir Hoshimov bu asari orqali oʻz shaxsiy iztiroblari fonida butun bir avlodning ogʻir tarixini yoritadi. U oʻtmish voqealarini, insonlarning boshiga tushgan qiyinchiliklarni, adolatsizlik va nohaqliklarni shunchaki hikoya qilmaydi. Ularni oʻquvchining yuragiga olib kirdi. Mazkur asar orqali bugungi avlod ham oʻtmishni anglaydi. Sabir, shukr, mehr va vijdon kabi insoniy qadriyatlarni qayta kashf etadi.

Toʻyliyeva Sevara,
TerDU talabasi