Hozirgi zamon psixologiyasining erishgan natijalari shuni ko‘rsatdiki, bolaning tafakkurini ko‘rgazmali-harakatli, ko‘rgazmali-obrazli va so‘z-mantiqiy yo‘li bilan shakllantirish kerak. Bunda so‘z orqali bolalarni avvalo ko‘ra oladigan, seza oladigan buyumlar bilan tanishtirib, keyinchilik tasavvur shakllariga o‘tish mumkin. Metod va usul tanlashda ham yuqoridagilarga rioya qilish zarur. Shuning uchun ham ilk va bog‘cha yoshdagi sensor tarbiya aqliy tarbiyaning muhim omili hisoblanadi.
Bolada nutq paydo bo‘lishidan ancha oldin, birinchi bor gapira boshlaganda u tevarak-atrofdagi odamlar va buyumlar dunyosini katta yoshdagi kishilar yordamida bilib oladi: Ona bolasiga o‘yinchoqni uzatganda, bola qo‘lini cho‘zib uni oladi. Uning ko‘rib, idrok qilishi eshitish bilan qo‘shiladi. Aynan o‘yinchoq nomi aytilganda, hissiy idrok bilan so‘z o‘rtasida o‘zaro ta’sir sodir bo‘ladi. Masalan ona “mushukchani ber”, “mushukchani olib kel” deb bir necha marta takrorlasa, bola muayyan o‘yinchoqning nomini yaxshi eslab qoladi. Pirovardida “mushukcha” degan so‘z bola xayolida ma’lum bir buyumni hosil qiladi.
Mashhur rus fiziologi Ivan Sechenov bunday deb yozgan edi: “Bola gapirishning o‘rganib olgandan keyin unda tevarak-atrofdagi narsalarga qiziqish va ularni bilishga intilish oshib boradi, bu hol bolaning onasiga: nega stol yurmaydi-yu, quyosh esa oyoqsiz yuradi, kechqurun u qayerga yashirinadi, nima uchun shamol g‘uvullaydi?”- kabi savollar berishga sabab bo‘ladi”.
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarda nutqni rivojlantirish alohida rol o‘ynaydi. Inson o‘z fikrlarini ifodalash va boshqalarning fikrlarini tushunish uchun ona tilidan foydalanadi. Nutqni egallash bolaga hikoya, badiiy asar, so‘zlovchining tushuntirishlari orqali bilimlar hosil qilishga imkon beradi. Bolalar bog‘chasida lug‘at boyligini oshirish, so‘zning grammatik tuzilishini shakllantirish, bog‘lanishli nutqni rivojlantirish vazifalari hal etiladi.
Sayemova Elmira,
amaliyotchi, TerDU o`zbek filologiyasi fakulteti 4 bosqich talabasi