Mamlakatimizda voyaga yetmaganlar huquq-erkinliklarini ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini muhofaza etish, eng asosiysi, barkamol avlodni tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Voyaga yetmaganlar manfaatlarini himoya qilish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgani samarali ijtimoiy himoya tizimini joriy etish hamda yoshlarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Ayni paytda mamlakatimiz aholisining 45 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi.
Ushbu ko‘rsatkichning o‘ziyoq masala nechog‘li dolzarb ahamiyatga ega ekanidan darak beradi..
Bu jarayonda ota-ona, mahalla-ko‘y, ta’lim muassasalari, umuman, keng jamoatchilik zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklanadi.
Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish barcha davrlarda ham davlatning jiddiy va muhim masalasi hisoblanib kelingan. Inson tinch va xotirjam yashashni hohlaydi.
Hammamizning oldimizda turgan muhim masala bu yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish.
Chunki, yoshlar bizning kelajagimiz.
Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston yoshlar o‘rtasida turli xil illatlarni oldini olish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida salmoqli ishlarni amalga oshirilmoqda.
Xususan, mustaqillik qo‘lga kiritilganidan 3 oy o‘tmasdan, ya’ni 1991 yil 20 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. 2016 yilga kelib “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.
Bundan tashqari, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi, qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi.
Yoshlarning, ayniqsa uyushmagan, ish bilan band bo‘lmagan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan yoshlarning kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratishga, bandligini ta’minlashga, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga ko‘maklashish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha takliflar kiritish ushbu komissiyaning asosiy vazifalaridan biri qilib belgilandi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni mamlakatimizda Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish profilaktika kuni sifatida belgilangani bolalarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, o‘smirlar orasida huquqbuzarliklarning oddini olish tizimini mustahkamlash, ota-onalar hamda vasiylik organlarining mas’uliyatini oshirish borasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim yo‘nalish bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, yoshlarni sog‘lom va komil inson qilib o‘stirish va tarbiyalash, ularning sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoitni yaratib berish, bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishi uchun kutubxonalar tashkil etish borasida turli jamoat va davlat tashkilotlari vakillari, mahallalar faollari bilan hamkorlikda samarali ish olib borsak, har tomonlama bilimli, yuksak mana’viyatli yoshlarimiz yaqin va uzoq istiqbolda mamlakat va xalqimiz hayotining rivojlanishi uchun bor kuch-g‘ayrat va salohiyatini ayamaydi..
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudining
arxivarsi A.Abriyeva