Haydovchi mastlik holati bo‘yicha tekshiruvdan bo‘yin tovlasa jarimaga tortiladimi?

Savol: Haydovchi mastlik holati bo‘yicha tekshiruvdan bo‘yin tovlasa jarimaga tortiladimi?

Javob: Qonunchilikka ko‘ra, haydovchi mastlik holati bo‘yicha tekshiruvdan bo‘yin tovlasa, 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi va 5 mln 100 ming so‘m miqdorida jarimaga tortiladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilsa, 10 mln 200 ming so‘m miqdorida jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi.

 Mazkur huquqbuzarlikning moped, velosiped haydovchi, ulovli aravani boshqarib boruvchi shaxs tomonidan sodir etilishi 1 mln 20 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Javob beruvchi: Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi boshlig‘i  R. Sultanov

Savol: ID-kartasini o‘z vaqtida olmagan 18 yoshga to‘lmagan fuqarolar uchun ma’muriy javobgarlik bormi?

Javob: O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY JAVOBGARLIK TO‘G‘RISIDAGI KODEKSI 223-moddasiga asosan 18 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi 16 yoshga to‘lishi munosabati bilan identifikatsiyalovchi ID-kartasini o‘z vaqtida olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.

 Javob beruvchi: Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi FHDYO xodimi S.Aliqulov

Savol: Avtomobil signalini sababsiz bosgan haydovchi jarima to‘laydimi?

Javob: Qonunchilikka ko‘ra, tovushli ishoralar faqat quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin:

-aholi punktlaridan tashqarida boshqa haydovchilarni quvib o‘tish haqida ogohlantirish uchun;

-zarur bo‘lgan hollarda yo‘l-transport hodisasining oldini olish uchun.

 Yuqorida ko‘rsatilgan hollardan tashqari tovushli ishoralardan foydalanish taqiqlanadi.

Shuningdek, tovush signalini sababsiz berish, transportlarga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish, BHMning 1 baravari  miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi

Javob beruvchi Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh maslahatchisi S.Choriyev

Elektr energiyasi tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish o‘g‘irlik sifatida baholanadimi?

Savol:Elektr energiyasi tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish o‘g‘irlik sifatida baholanadimi?

Javob: Qonunchilikka ko‘ra, tarmoqlarga o‘zboshimchalik bilan ulanish, hisobga olish asboblariga, ularning plombalariga shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish o‘g‘rilik  yoki oz miqdorda talon-toroj  qilish sifatida baholanib, javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan.

Jinoyat kodeksining 169-moddasida O‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish

—bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Javob beruvchi Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Yuridik xizmat  ko‘rsatish markazi bosh maslahatchisi O. Xursandov

Savol: O‘zbekistonda qanday ekinlarni ekish taqiqlangan?

Javob: Taqiqlangan ekinlarni, ya’ni ko‘knor yoki moyli ko‘knor, kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:

BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima;

360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;

1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;

3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Javob berdi: Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi FHDYO xodimi  R. Gulmatova