21- OKTABR O‘ZBEK TILI BAYRAMI KUNI

Har bir xalqning madaniyati, ma`naviyati, ruhiy parvozlarini ko‘z-ko‘z qiluvchi yagona omil mavjud. Bu tildir. Uning asrlar mobaynida takomiliga yetib boruvchi adabiyoti, san`ati, ruhiy qadriyatlari til vositasida namoyon bo‘ladi. Shu ma`noda til – katta ma`naniy boylik, xalqning ijodiy  qobiliyatini yuzaga chiqaruvchi vositadir.

Til har bir millatning ko‘zgusi, millatning madaniy va ma`naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Til bor ekan, millat barhayotdir. Tilimiz haqida qancha ko‘p gapirsak shuncha kam. 1989 yilning 21 oktabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbek tiliga – Davlat tili maqomi berildi. Til – ko‘ngilning oltin kaliti, nutq vositasi bo‘libgina qolmay davlatning timsoli va mulkidir. Til – millat ruhi. Tilni rivojlantirish millat taraqqiyoti demakdir. Shuni aytish kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi ham mustaqilligimiz va yuksalishimiz yo‘lida muhim qadam edi. Til – millat yuzining bir bo‘lagi. Milliy iftixor yuksak yurtda xalq tinch va hamjihat yashaydi. Hali totalitar tuzum hukmron bo‘lib turgan murakkab bir sharoitda 1989 yilning 21 oktabrida o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy g‘ururini, jahondagi mavqeini tikladi.

Hozirgi kunda dunyo olimlarining hisob-kitoblariga ko‘ra dunyoda ikki yarim mingtadan besh mingtagacha, ayrim manbalarga ko‘ra esa besh mingtadan etti mingtagacha tillar borligi ma`lum. Bu tillarning ayrimlarida bir necha o‘n, hatto yuz millionlab kishilar gaplashsa, ba`zilardan bir necha ming kishigina foydalanadi, xolos. Jahonda keng tarqalgan yigirmaga yaqin til oilalari mavjud bo‘lib, bizning o‘zbek tilimiz oltoy tillar oilasiga kiruvchi qarluq guruhidan mustahkam joy egallagan. Qolaversa, o‘zbek tili qadimiy hisoblangan turkiy tillardan biri hisoblanadi. Ushbu dalillar shundan dalolat beradiki, ajdod va avlodlarimiz tomonidan yaratilgan o‘zbek tili asrlar osha rivojlanib, turkiy tili millat va elatlar orasida keng tarqalib, yanada sayqallashib, yuksak madaniy tilga aylanganligi va o‘zining tarixiyligi bilan ham ahamiyatlidir.

                                  R. UMIROV,

“O‘zMMI” DM Surxondaryo filiali “O‘VMT” bo‘limi 1-toifali mutaxassisi