Konstitutsiya — davlat va jamiyat hayotining huquqiy asoslarini belgilovchi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kafolatlovchi oliy yuridik kuchga ega hujjatdir.
2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumi asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri mamlakatimiz taraqqiyotida muhim tarixiy voqea bo‘ldi. 2023-yil 1-maydan kuchga kirgan Asosiy Qonun inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolatni ta’minlash va xalq farovonligini yuksaltirishning mustahkam huquqiy poydevorini yaratdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 6 bo‘lim, 27 bob va 155 moddadan iborat bo‘lib, unda inson huquqlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, tadbirkorlik va ekologik xavfsizlik kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatlar belgilangan.
Inson qadri — oliy qadriyat
Konstitutsiyaning asosiy g‘oyasi inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmatini oliy qadriyat sifatida e’tirof etishdan iborat. Uning 1-moddasida O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi mustahkamlangan.
Asosiy Qonunda har bir insonning yashash, erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, fikrlash, so‘z, e’tiqod, mehnat qilish va ta’lim olish huquqlari kafolatlangan. Shuningdek, qonunchilikdagi ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilangan.
Qonun ustuvorligi — adolat kafolati
Huquqiy davlatning muhim belgisi qonun ustuvorligi va barcha fuqarolarning qonun oldida tengligidir. Konstitutsiyaning 15-moddasiga ko‘ra, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi. U oliy yuridik kuchga ega va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi.
Bu talab davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolardan qonunlarga qat’iy rioya etishni talab qiladi. Sud hokimiyati mustaqilligi, aybsizlik prezumpsiyasi hamda sud orqali huquqlarni himoya qilish kafolatlari ham adolatli jamiyatni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Ijtimoiy davlat va inson manfaatlari
Yangi Konstitutsiyada O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatida belgilanishi aholining munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Mehnat qilish, adolatli ish haqi olish, ijtimoiy ta’minotdan foydalanish, uy-joy va malakali tibbiy xizmat olishga oid kafolatlar mustahkamlangan.
Ta’lim olish huquqi, umumiy o‘rta ta’limning majburiyligi, o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, oila hamda bolalar manfaatlarini davlat tomonidan muhofaza etish ham Asosiy Qonunning muhim yo‘nalishlaridandir.
Iqtisodiy erkinlik va ekologik xavfsizlik
Konstitutsiyada xususiy mulk daxlsizligi, tadbirkorlik erkinligi va halol raqobatni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Bu normalar iqtisodiy rivojlanish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, har kimning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqi kafolatlangan. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muvozanatni saqlash davlat hamda jamiyatning muhim vazifalaridan biridir.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiya nafaqat davlat boshqaruvining huquqiy asosi, balki har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi, jamiyatda adolat va qonuniylikni mustahkamlovchi muhim hujjatdir.
Unda belgilangan normalarning hayotda to‘liq ta’minlanishi har birimizdan huquqiy madaniyat, qonunlarga hurmat va mas’uliyatni talab etadi. Zero, Konstitutsiyaga hurmat — qonunga hurmat, qonunga hurmat esa inson qadri va huquqlariga hurmat demakdir.
M. O‘roqov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudining tergov sudyasi