URUG‘LIK G‘ALLA HOSILI — BUGUNGI HARAKATGA BOG‘LIQ

Assalomu alaykum, hurmatli urug‘lik g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari rahbarlari!

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 575-son qarorida Inspeksiyaning asosiy vazifalaridan biri sifatida paxta va boshoqli don ekinlari urug‘lariga davlat buyurtmasini berish, urug‘larni tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-martdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasida «E-urug‘» axborot tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 166-son qarorining 4-bobida tanlov g‘oliblarining vazifalari va funksiyalari belgilab berilgan.

Shu munosabat bilan sizlardan fermer xo‘jaliklariga tegishli yer maydonlarida 2027-yil hosili uchun urug‘lik g‘alla ekish jarayonida quyidagi tavsiyalarga qat’iy rioya etishingiz so‘raladi.

Jumladan:

Barcha g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, shu jumladan, urug‘lik g‘alla yetishtiruvchi xo‘jaliklar tomonidan 2027-yil hosili uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reyestriga kiritilgan, sertifikatlangan va dorilangan urug‘lik donlardan foydalanish lozim.

Urug‘lik boshoqli don ekinlarini yetishtirish huquqini qo‘lga kiritgan tanlov g‘oliblarining quyidagi vazifalarni bajarishi talab etiladi:

faqat urug‘lik maqsadida bir avlodga mansub bo‘lgan bitta navni ekishni ta’minlash;

belgilangan me’yorlarda dorilangan sertifikatlangan urug‘lik donlarni ekish;

ko‘paytirilayotgan navning qimmatli xo‘jalik belgilari va texnologik xususiyatlarini saqlash;

yuqori sifatli, nav sofligiga ega bo‘lgan avlodli urug‘lar yetishtirish;

avlodli urug‘liklarni yetishtirish tartibi va qoidalariga rioya qilish;

nav originatorlari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida agrotexnik tadbirlarning belgilangan muddatlarda, me’yorlarda va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash;

urug‘lik uchun ekiladigan ekinlarni yuqori unumdor, mexanizmlar yordamida ishlov berishga qulay, suv bilan yaxshi ta’minlangan, sho‘rlanmagan va tekis dalalarda joylashtirish;

almashlab ekish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha reja-jadval tuzish va uning bajarilishini ta’minlash;

xo‘jalikda urug‘chilik bo‘yicha agronom yoki tegishli mutaxassis faoliyat yuritishini ta’minlash;

foydalanishga ruxsat etilgan kimyoviy preparatlar bilan dorilangan (zararsizlantirilgan) urug‘lik materiallarini ekish;

urug‘lik uchun ekilgan maydonlarni begona nav va o‘simliklardan tozalash;

kasallik tarqatuvchi begona ekinlarni urug‘lik maydonlari atrofiga ekmaslik hamda boshqa navlar bilan chatishishning oldini olish.

Elektron tanlov g‘olibi tomonidan urug‘lik maydonlarida g‘o‘za va boshoqli don ekinlarining bitta navining ikki avlodi ekilgan taqdirda, ustama to‘lashdagi farqlar inobatga olingan holda, tuman aprobatsiya komissiyasi tomonidan tegishli tartibda keyingi avlodga rasmiylashtiriladi.

Tanlov g‘oliblari tomonidan mazkur Nizom talablari yoki agrotexnika qoidalari muntazam ravishda buzilgan taqdirda, yetishtirilgan urug‘lik boshoqli don ekinlari maydonlari tuman aprobatsiya komissiyasi tomonidan yaroqsiz deb topilishi hamda ular urug‘lik yetishtirish huquqidan mahrum etilishi mumkin.

Hurmatli fermer xo‘jaliklari rahbarlari!

Sizlardan mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, urug‘lik g‘alla maydonlarida ilmiy asoslangan agrotexnik va urug‘chilik tadbirlarini to‘liq amalga oshirishingizni so‘raymiz.

Bu orqali 2027-yil hosili uchun yuqori sifatli urug‘lik g‘alla yetishtirish, nav sofligi va urug‘lik sifatini ta’minlash hamda urug‘lik g‘alla yetishtirish bo‘yicha shartnomaviy rejalaringizni to‘liq bajarishingizga ishonch bildiramiz.