«Dalvarzintepa» nomi qayerdan kelib chiqqan? (Koʻhna tarixdan sado)

Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanidagi mashhur
Dalvarzintepa
qadimiy yodgorligi nomi xalq orasida juda qiziqarli va tarbiyaviy ahamiyatga
ega afsona bilan bogʻlanadi. Yaqinda tuman hududidan folklor
ixlosmandlari tomonidan yozib olingan rivoyat bunga misol boʻla oladi.
Afsonaga koʻra, qadimda bu yerlarda Varzinshoh va uning husnda
tengsiz qizi Daloyim yashagan. Kunlardan bir kuni yurtga dushman bostirib
keladi. Sarosimaga tushgan shoh saroyning bir burchagiga yashirinadi.
Dushman boshligʻi asirga olingan malika Daloyimga: “Agar xazina kalitlarini
bersang, senga uylanib, seni shu yurtga malika qilaman”, deb shart
qoʻyadi.Mol-dunyo va soxta vaʼdaga uchgan qiz otasining yashiringan joyini
ham, xazina sirlarini ham dushmanga sotadi. Ammo xiyonat evaziga kelgan
baxt uzoqqa bormaydi. Qizning sotqinligidan nafratlangan dushman
boshligʻi: “Otasiga va eliga vafo qilmagan, menga ham vafo qilmaydi”, deya
Daloyimni ham, uning otasini ham qatl ettiradi, butun mamlakatni esa
yakson qiladi. Mahalliy toponimik qarashlarga koʻra, aynan oʻsha fojiaviy
qahramonlar — Daloyim va Varzinshoh ismlarining vaqt oʻtishi bilan xalq
tilida birikib ketishi natijasida bugungi «Dalvarzin» nomi kelib chiqqan.Xalq
ogʻzaki ijodining bunday namunalari shunchaki rivoyat emas, balki
yoshlarimizni vatanparvarlikka, sadoqatga chorlovchi va xiyonatning
achchiq qismatidan ogohlantiruvchi oʻgitdir.
Dilnoza Hayitova,
TerDU talabasi