Sel-suv toshqini sodir bo‘ldi

21-mart kuni taxminan soat 19:10 lar atrofida Qumqo‘rg‘on tumani hududidagi qir-adirliklarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida yig‘ilgan yomg‘ir suvlari Arnali soy orqali “Elobod” mahallasiga kirib kelgan. Ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlari mahalla hududidagi ichki suv tarmoqlariga sig‘masdan, hududdagi 2 ta ichki ko‘chalarda joylashgan 47 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar-joylar ichkarisiga kirgan.

Shuningdek, kuchli yomg‘ir suvlari “Azlarsoy” soyidan toshib, soy quyisida joylashgan “Azlarsoy” mahallasi hududidagi 5 ta ichki ko‘chalarda joylashgan 56 ta xonadonning hovli va tomorqalariga, ayrim turar-joylarga suv kirgan.

Toshqin oqibatlarini bartaraf etish va aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida, “Azlarsoy” mahallasidagi 56 ta xonadondan 210 nafar va «Elobod» mahallasidagi 32 ta xonadondan 150 nafar aholi xavfsiz hududda joylashgan yaqin qarindoshlarining uylariga vaqtincha ko‘chirildi. Tuman markazidagi “Yangi shahar” mahallasida joylashgan 2 ta 4 qavatli uylarning yerto‘lasiga yig‘ilgan toshqin suvlari yong‘in-qutqaruv texnikalari va motopompalar yordamida chiqarib tashlandi.

Qumqo‘rg‘on tumani “Elobod” mahallasi hududidan o‘tuvchi M-41 “Almata-Bishkek-Dushanbe-Termiz” avtomobil yo‘lining 1535-1536 km oralig‘ida transport vositalari va yo‘lovchilar xavfsiziligini ta’minlash maqsadida vaqtinchalik harakat cheklanib, suv toshqinlari tugaganidan so‘ng, yo‘lga yig‘ilgan loyqalar maxsus texnikalar yordamida tozalanib, soat 21:00 da ikki tomonlama transport qatnovi to‘liq tiklandi.

Ushbu hududda sodir bo‘lgan toshqin suvlari Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli UKga qarashli, “Qumqo‘rg‘on–Elbayon” peregoni PK 8-9 temir yo‘l ostidan o‘tgan suv quvuriga sig‘maganligi natijasida, temir yo‘lning taxminan 0,4 km qismidan toshib o‘tib, shag‘al qoplamasini qisman yuvgan. Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzuli UKning 200 nafar ishchi-xizmatchilari, avariya tiklash poyezdi, 2 ta avtoyuklagich, 1 ta ekskavator yordamida, 28 ta vagonlarda olib kelingan shag‘al temir yo‘lning zarar ko‘rgan uchastkasiga yotqizilib, ta’mirlash va tiklash ishlari bajarildi hamda  22-mart kuni soat 07:00 da temir yo‘l harakati to‘liq tiklandi.

Ayni vaqtda “Elobod” mahallasi ichki ko‘chalari, yo‘llar va boshqa joylarni loyqadan tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. Tezkor tadbirlarga 462 nafar xodim, 7 ta texnika, 11 ta motopompa, 24 ta muxandislik texnikalari jalb qilingan.

Yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida jarohat olganlar yo‘q.

Holat shaxsan viloyat hokimining nazoratiga olingan bo‘lib, shu kunning o‘zida hodisa joyiga viloyat hokimining o‘rinbosarlari, FVV vakili, FVB, IIB, MGB boshliqlari, tuman hokimligi, sektor rahbarlari, korxona va tashkilot mutasaddilari yetib borishgan hamda toshqinga qarshi viloyat tezkor shtabi tuzilgan. Hozirda tezkor shtab tomonidan hodisa oqibatlarini o‘rganish, yetkazilgan talafotlarni bartaraf etish, aholiga ko‘mak berish choralari ko‘rilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat rahbariga axborot berib borilmoqda.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov kuni-kecha sel-suv toshqinlari sodir bo‘lgan Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Elobod” va “Azlarsoy” mahallalarida bo‘ldi. Toshqinga qarshi viloyat tezkor shtabi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ayni vaqtda hududda birinchi navbatda aholiga moddiy, ma’naviy, tibbiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish, sel-suv toshqinlaridan keyingi talafotlarni tezkor bartaraf etish, yo‘llar, ko‘chalar, xonadonlar va ijtimoiy soha obyektlarini loyqalardan tozalash ishlari amalga oshirilmoqda.

Viloyat rahbari hududlarni ko‘zdan kechirib, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Milliy gvardiya boshqarmalari boshliqlari va tuman sektor rahbarlari hamda boshqa aloqador mutasaddilarga aholining talab va takliflarini inobatga olgan holda ishlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Shuningdek, mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlariga kelgusida sel-suv toshqinlarining oldini olish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish vazifasi topshirildi.

Ayni vaqtda FVqDT xizmatlari tomonidan sel-suv toshqinlari sodir bo‘lgan mahallalarda tozalash, ta’mirlash va tartibga keltirish ishlari davom ettirilmoqda.

Toshqin talafotlarini bartaraf etish, infratuzilmani yaxshilash ishlari davom etmoqda.

4 ta mahallada sel-suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etilyapti. Mahallardagi  ko‘p qavatli turar joylar, aholi xonadonlari, yo‘llar va ko‘chalarni tozalash, ta’mirlash hamda tartibga keltirish ishlari amalga oshirilayapti.

Ariq va kollektorlarni tozalash ishlarining borishini ko‘zdan kechirish davomida viloyat rahbari kelgusida sel-suv toshqinlarining oldini olish uchun tashkil etiladigan suv yo‘llarini mutasaddilar bilan ko‘rib chiqib, tegishli tavsiyalarini berdi.

Viloyat rahbari aholi xonadonlarini ham ko‘zdan kechirib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas’ullarning axborotlarini tingladi. Mutasaddilarga poydevorlari bo‘lmaganligi sababligi sel-suv toshqinlari natijasida zarar ko‘rgan xonadonlarni qayta qurish uchun zarur ko‘maklar ko‘rsatish vazifasi topshirildi.

To‘rtta mahalladagi 100 dan ortiq xonadonda loyqalarni tozalash, suvoqlash va bo‘yoqlash ishlari amalga oshirildi, 10,3 km masofadagi ichki yo‘llar toshlanib, ta’mirlandi. Bundan tashqari kommunal sohadagi tashkilotlar tomonidan elektr energiyasi, gaz hamda ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash, maxsus mashinalarda toza ichimlik suvlarini yetkazib berish ishlari bajarildi.