TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINING HUQUQ VA QONUNIY MANFAATLARI ISHONCHLI HIMOYA QILINADI

Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ular uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish hamda tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni qisqartirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qonun talablarini buzgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash va huquqbuzarliklar bartaraf etilganidan keyin ularning faoliyatini tezkorlik bilan tiklash imkoniyatini cheklaydigan ayrim ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar hamon mavjud edi.

Mazkur muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga davlat organlarining aralashuvini kamaytirish hamda ularning qonuniy manfaatlarini yanada mustahkam himoya qilish maqsadida 2026-yil 20-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik subyektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda Soliq kodeksiga bir qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, Iqtisodiy protsessual kodeksga banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish tarzidagi huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi arizalarga ilova qilinadigan hujjatlar doirasiga oid yangi talablar belgilandi.

Endilikda bunday arizaga soliq to‘lovchi tomonidan qonun talablari buzilganligini tasdiqlovchi dalillar, soliq organi tomonidan tegishli xabarnoma yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat hamda soliq organining hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi qaroriga nisbatan tadbirkorlik subyekti bildirgan e’tiroz ilova qilinishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, Soliq kodeksining 111-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, soliq to‘lovchi (soliq agenti) soliq organining bankdagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirgan taqdirda, ushbu masala sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

Bunda soliq organi e’tiroz taqdim etilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay sudga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Sud tomonidan tegishli qaror qabul qilinguniga qadar soliq to‘lovchining bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalari to‘xtatib turiladi.

Qonunning yana bir muhim jihati shundaki, bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan holatlar soliq to‘lovchi tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, soliq organi avval qabul qilingan qarorni Soliq kodeksining 112-moddasiga muvofiq bekor qiladi.

Shuningdek, hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishni rad etish to‘g‘risidagi sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab tegishli cheklovni bekor qilish tartibi ham belgilandi.

Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish iqtisodiy taraqqiyotning muhim omillaridan biridir. Yangi qonun hujjatida belgilangan tartiblar esa qonuniylikni ta’minlash bilan birga, tadbirkorlik faoliyatining barqaror davom etishiga ham xizmat qiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi raisi
B. Tagayev