Manfaatlar to`qnashuvi- korrupsiya o`chog`i

Korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillardan biri manfaatlar to‘qnashuvidir. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat qiluvchi barcha darajadagi mansabdor shaxslar o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin. Shu bois davlat hokimiyati tizimida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, bunday holat yuzaga kelganda, uni ijobiy hal etish masalasi hozirgi davrda korrupsiyaga qarshi kurashning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.
Manfaatlar to‘qnashuvi deganda, shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat tushuniladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2024-yil 5-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish, unga oid munosabatlarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi axborotni oshkor qilish va uni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilaydi. Shuningdek, qonun davlat tashkilotlaridagi xodimlarning huquq va majburiyatlarini aniq tartibga soladi. Shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlari maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi yo‘lidagi xatti-harakatlarining bir qismini bartaraf etadi, davlat budjetining noqonuniy o‘zlashtirilishining oldini oladi, davlat tashkilotlarida mehnat munosabatlari va davlat xaridlarining ochiqligini va shaffofligini ta’minlaydi.
Endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birga, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishni amalga oshiradigan organlar sifatida mustahkamlandi. Shuningdek, qonun bilan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlariga nisbatan cheklovlar belgilandi. Jumladan, qonunda xodimlar shaxsiy naf olishga, manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi axborotni oshkor etish chog‘ida ma’lumotlarni yashirishga, bo‘ysunuvchi yoki nazoratidagi tashkilotlarda o‘rindoshlik bo‘yicha ishlashga, tijorat tashkilotlarining ta’sischisi bo‘lishga, o‘zi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilotning nazoratida bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati subyektining aksiyalariga yoki ustav fondidagi ulushlariga egalik qilishga, uning boshqaruv organi a’zosi bo‘lishga, o‘zi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda o‘ziga yoki o‘ziga aloqador shaxslarga taalluqli bo‘lgan ishlarni ko‘rib chiqishda vakil sifatida ishtirok etishga, o‘zi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilotning mol-mulkini sotib olishda yoki ijaraga olishda o‘zi ishtirok etishga haqli emasligi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, qonunda davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzishning huquqiy oqibatlari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan va tuzilgan bitimlarni sud tartibida haqiqiy emas deb topish asoslari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik choralari belgilandi.
Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash tegishli manbalardan olingan ma’lumotlarni o‘rganish orqali amalga oshiriladi. Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining ommaviy axborot vositalariga, jumladan, internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirilgan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holatlari ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va o‘rganish orqali aniqlanadi.
Qonunning amaliyotga og‘ish¬may tatbiq etilishi natijasida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda davlat nazorati amalga oshirilishiga, davlat xizmatchilarining bevosita rahbarlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari yuzaga kelganda, tegishli choralar ko‘rilishiga, davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldi olinishiga erishilishi shubhasiz.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida qonun bilan o‘rnatilgan talablar va mexanizmlarni davlat organlari va tashkilotlarida samarali joriy etish, bu jarayonda xodimlarning huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash hamda ular uchun zarur tushuntirish ishlarini olib borish davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari zimmasiga yuklatildi.
Shu bilan birga, «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tasdiqlandi va uning asosiy vazifalari belgilab berildi. Xususan, respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari tomonidan har chorakda davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlar, ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish amaliyoti joriy etildi.
Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarni aniqlashda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash maqsadida davlat organlari va tashkilotlari xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi holatlari bo‘yicha tegishli dalillarni ilova qilgan holda, ularni aniqlashda faol yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning ellik foizi miqdorida mukofot puli beriladi.
Xulosa qilib aytganda, milliy qonunchiligimizdagi o‘zgarishlar, hukumat darajasida belgilangan aniq chora-tadbirlar, xususan, davlat tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, aniqlash va tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etish, uning huquqiy oqibatlarini aniq belgilash mamlakatimizning korrupsiyaga oid xalqaro reytingdagi ko‘rsatkichlari yuksalishiga xizmat qiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qumqo‘rg‘on tuman sudining
devonxona mudiri Q.Zubaydullayev