ZIYOFATGA CHAQIRILUV ODOBI

Taomga chaqirilganda unga javob berish yana bir odobdir.  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar birortangiz (ziyofatga) chaqirilsa,  chaqiriqqa albatta javob bersin. Agar ro‘zador bo‘lsa, (ziyofat egasi haqqiga) duo qiladi. Ro‘zador bo‘lmasa, taomlanadi”,dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Odobli inson ziyofatga ketayotib mezbonning iznisiz u yerga chaqirilmagan kishini olib bormaydi. Abu Mas`ud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ansorlardan Abu Shuaybning qassob g‘ulomi bor edi. U (g‘ulomiga): “Menga taom tayyorlab ber, beshtaning biri qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni chaqiraman”, dedi. Shunday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni beshtaning biri qilib chaqirdi. Ularga yana bir kishi ergashdi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sen bizni besh kishining biri qilib chaqirgan eding. Mana bu kishi ham bizga ergashib keldi. Xohlasang, unga izn berasan, xohlasang, kiritmaysan”, dedilar. U: “Yo‘q, unga izn berdim”, dedi”.

Bu odoblarning barchasi insonga yaxshilik, saodat va xotirjamlik olib keladi. Ularga nafaqat o‘zimiz rioya qilishimiz, balki yoshlarimizni ham o‘rgatishimiz lozimdir.

                                                                   Botir AMINOV,

                          Axadxon jome masjidi imom xatibi