Sifatli va toza urug‘ kelgusi yil mo‘l hosil garovi

Hurmatli urug‘lik yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari!

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 575-sonli qarorida Inspeksiyaning asosiy vazifalaridan biri paxta va boshoqli don ekinlari urug‘lariga davlat tomonidan buyurtma berish, urug‘ tayyorlash va uni qayta ishlash hamda saqlash bo‘yicha talablariga rioya qilinishini nazorat qilish belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktabrdagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari  urug‘chiligiga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 641-son qarorini tasdiqlash maqsadida Siz rahbarlik qilib kelayotgan fermer xo‘jaligining urug‘lik paxta maydonida quyidagi ishlarni amalga oshirishingiz so‘raladi. Jumladan, uch kun muddatda har bir urug‘lik dala kontorida  urug‘lik dala pasportlarni yangilash; kontraktatsiya yoki fyuchers shartnomasiga asosan navlar bo‘yicha zarur hajmdagi, O’z DSt 663:2017 standart talablariga mos keluvchi nav urug‘larining avlodlarini hisobga olgan holda yetishtirish; faqat urug‘lik, bir avlodga mansub bo‘lgan bitta nav ekilishini ta`minlash; ko‘paytirilayotgan navning qimmatli xo‘jalik belgilari va texnologik xususiyatlarini saqlash; yuqori sifatli va nav sofligiga ega bo‘lgan avlodli urug‘lar yetishtirish; avlodli urug‘liklarni yetishtirish tartibi va qoidalariga amal qilish; nav originatorlari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida agrotexnik tadbirlar belgilangan muddatlarda va meyorlarda sifatli o‘tkazilishini ta’minlash; har 5 gektar maydonga 1 tadan xandaklar qazilib, har bir gektar paxta maydonga 5 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarishni tashkil etish; urug‘lik paxta maydonga kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish uchun biomahsulotlardan foydalanish hamda “to‘rtlik aralashma” tarzida kimyoviy ishlov berish; urug‘lik uchun ekiladigan ekinlarni yuqori unumdor, mexanizmlar yordamida ishlov berishga qulay, suv bilan yaxshi ta`minlangan, sho‘rlanmagan va tekis dalalarda joylashtirish; almashlab ekish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish reja-jadvalini tuzish va amalga oshirish; xo‘jalikda urug‘chilik bo‘yicha agronom yoki agronom mutaxassisi bo‘lishini ta`minlash (xo‘jalik rahbari urug‘chilik bo‘yicha agronom yoki agronom bo‘lganda bu talab qilinmaydi); urug‘lik uchun ekilgan maydonlarni begona nav va o‘simliklardan tozalash; kasallik keltiruvchi begona ekinlarni urug‘lik maydonlar atrofiga ekmaslik hamda boshqa navlar bilan chatishishga yo‘l qo‘ymaslik; urug‘lik paxta ekilgan maydonlarda urug‘lik paxta hosili to‘liq yig‘ishtirib olingandan so‘ng g‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazish; urug‘lik paxta maydonlarida g‘o‘zaning har tupida o‘rta tolali navlarda 3-8-hosil shoxlarini 1-2 o‘rinlardan, mashinalar yordamida terilganda ko‘saklar 60-65 foiz ochilganda terish; yiliga kamida ikki marta nav tozaligi bo‘yicha dala ko‘rigini o‘tkazib, navga xos bo‘lmagan g‘o‘za tuplaridan tozalash ishlarini o‘tkazish. Yig‘ishtirib olingan urug‘lik paxta xom ashyosini avlodlari bo‘yicha ishlab chiqilgan davlat standartlari talabiga ko‘ra urug‘lik qabul qiluvchi korxonalarga topshirish.

Urug‘lik yetishtiruvchi subyektda bitta g‘o‘za navining ikkita avlodi ekilgan taqdirda, ustama to‘lashdagi farqlar inobatga olingan holda tuman aprobatsiya komissiyasi tomonidan keyingi avlodga rasmiylashtiriladi. Urug‘lik paxta maydonlarida ilmiy asoslangan tavsiyalarga amal qilgan holda ko‘chat qalinligini ta`minlash talab etiladi, qo‘shqator usulida urug‘lik paxta xom ashyosi yetishtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Paxtaning rayonlashtirilgan, istiqbolli va yangi seleksion navlarining elita urug‘lik paxtalari yangi qanor-qoplarga solingan holda qabul qilivchi korxonaga topshiriladi. Mazkur talablarga amal qilinmagan hollarda tuman aprobatsiya komissiyasi tomonidan urug‘lik yetishtiruvchi subyekt urug‘lik yetishtirish huquqidan mahrum etiladi.

Sizdan mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, urug‘lik paxta maydonlarida ilmiy asoslangan agrotexnik va urug‘chilik tadbirlarni to‘liq qo‘llab, 2024 yil hosilidan sifatli urug‘lik paxta hosili yetishtirilishini va urug‘lik paxta shartnomaviy rejangizni bajarishni ta`minlashingiz talab etiladi.

    Muxiddinxon AZIZOV,

Agroinspeksiyaning Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini etishtirilishini nazorat qilish Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi bosh mutaxassisi