Har qanday yuqumli kasallikka mavsumiylik xos. O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarini keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar aynan iliq-issiq sharoitlarda tez ko‘payadi. Bu kasalliklarni turli mikroorganizmlar keltirib chiqaradi. Qo‘zg‘atuvchisining turiga qarab kasalliklar ichterlama, salmonelyoz, ichburug‘, iersineoz, rotovirus, enterovirus kabi nomlar bilan yuritiladi. Ushbu kasalliklarning kech bahor va yoz, kuz mavsumlarida ko‘proq uchrashiga bir qancha omillar sabab bo‘lishi mumkin: Havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda insonlarning qaynatilmagan suvni ko‘p miqdorda ichishlari natijasida oshqozondagi xlorid kislotasining konsentratsiya pasayib ketishi va buning natijasida organizmning qarshilik kuchi (immunitet) pasayadi va kasalliklarga chalinishga zamin yaratadi; Yaxshi saqlanmagan va uzoq muddat turib qolgan ovqatlarni iste’mol qilish; Ho‘l mevalar va qovun-torvuzlarni yaxshi yuvmasdan iste’mol qilish; Ushbu kasallik bilan og‘rigan bemor bilan muloqotda bo‘linganda shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish; Belgilanmagan ochiq suv havzalarida cho‘milgan paytlarda suv bilan mikroblarning organizmga tushishi; 3 yoshga bo‘lgan bolalarga beriladigan qo‘shimcha ovqatlarni tayyorlash jarayonida sanitariya-gigiena qoidalari hamda saqlash sharoitlariga rioya qilmaslik; Kasallikni tashuvchi pashshalarning ko‘payishi.
O‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga chalingan bemorlarda umumiy holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorin sohasida og‘riq bo‘lishi, ishtahasizlik, ich ketishi va uning natijasida bemor tanada suvsizlanish paydo bo‘lishi, natijada hayotiy zarur organlarning funksional o‘zgarishlari kuzatilishi mumkin. Agarda umumiy holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi kabi kasallik belgilari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilishlari zarur bo‘ladi. Aks holda o‘z bilganicha, noto‘g‘ri muolaja qilish, antibiotiklardan o‘rinsiz foydalanish yoki o‘z vaqtida davo-choralari ko‘rilmasligi oqibatida og‘ir asoratlar yuzaga kelishi mumkin.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining bergan ma`lumotiga qaraganda salomatlikni asrash 10-15% tibbiyot xodimlarining xizmati, 65-70 % holatlarda esa, kundalik sog‘lom turmush tarzimizga bog‘liq. Shuning uchun, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklaridan saqlanishda: Suvni qaynatilgan holda ichish kerak; Birinchi galda ozodalikka rioya qilish, ayniqsa qo‘llarni ovqatdan oldin va hojatdan keyin sovunlab yuvish zarur; Umuman ishda, jamoat joylarda shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish kerak; Bozorlardan ho‘l mevalarni xarid qilayotganingizda ta`mini tatib ko‘rmaslik, aksincha mevalarni yaxshilab yuvib iste`mol qilish; Yaxshi saqlanmagan va uzoq vaqt turib qolgan ovqatlar hamda har xil turdagi salatlarni iste`mol qilmaslik; Ochiq suv havzalarida cho‘milganda suvlarni tozaligiga va cho‘milish jarayonida suv yutmaslikka e`tibor berish kerak; Sovutgichlarni toza tutish, undagi mahsulotlarni o‘z vaqtida iste`mol qilinishi va tez-tez yangilab turilishiga e`tibor berish; Qovun-torvuzlarni kesishdan oldin uni oqar suvda tozalab yuvish kerak; Ho‘l mevalar hamda poliz mahsulotlarini iste`mol qilinganidan so‘ng qaynatilmagan suvni ichish, yoki ovqatlanish tartibiga rioya etmasdan yog‘li ovqatlar bilan birga iste’mol qilmaslik kerak; Kundalik turmushni to‘g‘ri rejalashtirish jismonan faol bo‘lish kerak; Jismoniy harakat insonni himoya kuchini ortishiga sabab bo‘ladi; Atrof-muhitni, yashash xonalarni va aholi umumiy foydalanadigan joylarni doimo ozoda bo‘lishini ta`minlash kerak; Pashshalarni ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Ko‘p yillik kuzatishlar natijalariga e`tibor qaratadigan bo‘lsak, yuqumli ichak kasalliklari bilan asosan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar va bu bolalar orasidan 1 yoshgacha bo‘lganlari kasallanishni asosiy qismini tashkil etmoqda. Bu esa, shundan dalolat beradiki, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni oziqlantirishda sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilmaslik, qo‘shimcha ovqatlarni ko‘p miqdorda tayyorlash va uzoq muddat turib qolishi, saqlash sharoitlariga e`tibor bermaslik sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun onalar bolalarni parvarishida alohida o‘rin tutadi. 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ko‘krak suti bilan boqilishi, 6 oydan keyin beriladigan qo‘shimcha ovqatlarni tayyorlashda sanitariya-gigiena qoidalariga rioya etilishi, ovqatlarni tayyorlashda bir martalik rejimiga rioya etilishi va shu maqsadda ishlatiladigan polietilen va shisha idishlarni tozalab yuvilishi hamda qaynatilishini ta`minlashlari zarur.
X. TOG‘AYEV,
Qumqo‘rg‘on tuman SEO va JS bo‘limi sanitariya vrachi