QUMQO‘RG‘ONNING DAVLATGA G‘ALLA SOTISH REJASI BAJARILDI

Bu yil tuman bo‘yicha 8539 gektarda g‘alla yetishtirildi. Rejaga asosan 19887 tonna don davlatga sotilishi nazarda tutilgan. G‘allakorlar bu rejani ortig‘i bilan bajardi. Bunda davlat resurslariga xarid qilingan bug‘doy rejadagi 7557 tonna o‘rniga 7558 tonna bo‘ldi. Vaqtincha saqlash uchun qabul qilish rejasi ham oshirib bajarilib 12320 tonna o‘rniga 12338 tonnaga yetkazildi. O‘rim-yig‘im ishlarini tumandagi 20 ta kombayn va boshqa tumanlardan kelgan 12 ta kombayn amalga oshirdi.

G‘alla yetishtirgan 243 ta fermer xo‘jaligining 105 tasi shartnoma rejasini bajardi. Yana quvonarli jihatlaridan biri fermer xo‘jaliklari orasida g‘alladan  yuqori hosil olganlar bor. Elobod ziyosi fermer xo‘jaligi 50 gektar maydonda “Tanya” navli g‘allani parvarishlab, o‘rim-yig‘im mavsumida 216,6 tonna g‘allani davlatga sotdi. Shartnoma rejasini 120,3 foizga bajarib, hosildorlikni 109 sentnerga yetkazdi. Gaffor fermer xo‘jaligi 28 gektarga ekilgan “Grom” navli g‘alladan 107,6 tonna hosilni davlatga sotib, shartnoma rejasini 109,9 foizga bajardi. Gektar hosildorligi 101,9 senterni tashkil etdi. O‘rol Xolmatovich fermer xo‘jaligi 51,3 gektardan 197,3 tonna bug‘doyni o‘rib-yig‘ib davlatga sotdi. Shartnoma rejasini 106,9 foizga bajarib, hosildorligi 102,6 sentnerga qayd etildi. Jasur Chori fermer xo‘jaligi 56,2 gektar maydondan 214,5 tonna g‘allani davlatga sotdi. Shartnoma rejasini 106,1 foizga bajarib, hosildorligi 102,4 sentner bo‘ldi.

Yuqori hosil olgan fermer xo‘jaligi qatorida Toj, Baxriddin Abdurasulovich, Jumanazar To‘rayevich, Bek shox chorva, Bobotog‘ fermer xo‘jaligi ham bo‘lib, ularning erishgan natijalaridan faxrlanamiz.

                                                                                      N. MUHAMMADIYEV